Barcha tadbirlarga qaytish

Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil topganligining 25 yilligi munosabati bilan “Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

Payshanba, Noyabr 18, 2021

Joriy yilning 18 noyabrida Temuriylar tarixi davlat muzey tashkil topganligining 25 yilligi munosabati bilan “Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Konferensiya Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi Xurshid Fayziyev va O‘zR FA ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari doktori Nodira Mustafayevaning kirish so‘zlari bilan ochib berildi.  

Konferensiyada Amir Temur va temuriylar davri tarixiga doir ilmiy izlanishlar olib borayotgan yirik olimlar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etishdi. Xususan  konferensiyaning yalpi majlisida O‘zR FA akademigi, tarix fanlari doktori, professor Dilorom Yusupovaning “Извлечение материалов из “Дастур ал-вузаро” Хондамира по истории и истории культуры Средней Азии, Афганистана ХV-ХVI вв”, Xalqaro Amir Temur hayriya jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining ““Temur tuzuklari”ga bir nazar”, tarix fanlari doktori Omonullo Bo‘riyevning “Movarounnahrning Amir Temur hukmdorligidagi toponimlari”, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Oqilxon  Ibrohimovning “Temuriylar  davri  musiqa  san’ati”, O‘zbekistonda hizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, tarix fanlari doktori, professor Abdumajid  Madraimovning “Temuriylar davri miniatyuralarida ijtimoiy hayot va moddiy madaniyat”, filalogiya fanlari nomzodi Qudratilla Omonovning “Amir Temur nomidan eski o‘zbek tilida berilgan ayrim suyurg‘ol hujjatlarning legitimligi masalasi”, filalogiya fanlari doktori Aftondil Erkinovning “Alisher Navoiy badiiy merosi – Temuriylar madaniyati in’ikosi sifatida” va Habibullo Karomatovning “Temur tuzuklari”ning forschaga tarjimasi bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy voqeliklar” mazuidagi ma’ruzalari tinglandi.

Konferensiyaning “Temuriylar davri tarixi manbashunosligi va tarixshunosligi masalalari”,  “Temuriylar davri renessansi: davlatchilik va xalqaro siyosat, ilm-fan, madaniyat va san’at rivoji” va “Amir Temur va Temuriylar davriga oid moddiy-madaniy meros ob’ektlarini o‘rganish va tadqiq etish, muzeyshunoslik masalalari” kabi sho‘’balarida bir qancha olimlar va tadqiqotchilar o‘zlarining ilmiy izlanishlari natijalarini havola etdilar.  

Shuningdek konferensiyada muzey direktori Xurshid Fayziyev, Xalqaro Amir Temur hayriya jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali va muzey ilmiy xodimi, O‘zbekistonda hizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi To‘lqin Xayitlar “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan ta’sis etilgan ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.  

Konferensiya doirasida Temuriylar tarixi davlat muzeyiga Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori Qudratilla Omonov tomonidan Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarining faksimilesi sovg‘a qilindi.

  • Tashkilotchi nomi: Temuriylar tarixi davlat muzeyi
  • Telefon: +998 71 232 02 08
  • E-pochta: temurid@temurid.uz
  • Veb-sayt: temurid.uz
  • Turi: Anjuman
  • Vaqt: Noyabr 18, 2021 - 10:00 - 16:00
  • O‘tkazilish joyi:100000, Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko‘chasi 1

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.