Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil qilingan.
1996-yil 18-oktabr kuni Sohibqiron tavalludining 660-yilligi munosabati bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyi ochildi.
Jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan Sohibqiron Amir Temur barpo etgan buyuk davlatning namuna sifatida tutgan o‘rni beqiyosdir. Amir Temur davlati qurilishi, harbiy san’ati ko‘p asrlar davomida Sharqu G‘arb davlatlariga o‘rnak va andoza bo‘ldi.
Amir Temurning davlat qurishdagi, ilm-fan, maorif va madaniyatni rivojlantirishdagi ulkan xizmatlarini hisobga olib va tavalludining 660 yilligi munosabati bilan O‘zR Vazirlar Mahkamasining 1996 yilning 14 martida O‘zR FA qoshida Toshkent shahrining Amir Temur xiyobonida Temuriylar tarixi davlat muzeyi uchun maxsus bino qurish haqidagi qarori chiqdi. Qisqa muddat ichida shahar markazida muzey binosi qurib bitkazildi va 1996 yilning 18 oktyabridagi muzeyning ochilish marosimi umumxalq bayramiga aylanib ketdi.
Muzey binosi o‘zida Temuriylar davri va zamonaviy me’morchilik san’ati uslublarini mujassamlashtirgan. Bino Amir Temur davridagi saroylar ko‘rinishida qurilgan bo‘lib, uning o‘zi bir muzeydir. U doira shaklida bo‘lib, katta qubbali gumbazi, ko‘p ustunli ochiq ayvoni bor. Muzey binosi mustaqillik davrida bunyod etilgan eng noyob inshootlardan biri bo‘lib, zamonaviy ma’morchilik talablariga to‘la javob beradi. Imoratning butun aylanasi bo‘ylab joylashgan yarim ochiq ayvoni salobatli, balandligi 10 metr bo‘lgan oq rangli ustunlar bilan bezatilgan. Silliqlangan ustunlarga o‘yma naqshlar tushirilgan. Aylanma ayvon poyustunlari kulrang marmardan ishlangan bo‘lib, uch qismdan iborat. Ayvonning oyoq osti qismiga silliqlangan kulrang granit yotqizilgan. Chekka qismi qora granit bilan o‘ralgan. Uning tashqi devori yuzasi aylanasi bo‘ylab sirkor sopol medalonlar bilan bezatilgan bo‘lib, ularda turli handasiy naqshlar aks etgan va asosan, moviy, yashil va tilla ranglar ishlatilgan. Medalon va eshiklarning tepa qismida sakkiz qirrali naqshlar mavjud. Ularda alohida-alohida qilib arab alifbosidagi “suls” xat asosida (xattot Habibulloh Soliev) insonni yaxshilikka undovchi Itoat, Adolat, Zarofat, Ma’rifat, Diyonat, Oqibat, Marhamat, Qadriyat, Sadoqat, Muvofaqat, Matonat, Muruvvat, Shijoat, Mashvarat so‘zlari bitilgan. Bularning barchasi binoga nafaqat o‘zgacha husn bag‘ishlaydi, balki mazmunan boyitadi. Binoning asosiy kirish eshiklari Amir Temur xiyoboniga qaragan. Yong‘oqdan ishlangan yog‘och o‘ymakorligining yorqin namunasi bo‘lgan salobatli eshiklardan ekspozisiya zaliga kirib boriladi.
Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, balandligi 31 metr, tashqi diametri 70 metr va ichki diametri 50 metr. Uning birinchi qavatida xodimlar uchun xonalar, 2-3 qavatlarda esa muzey ekspozisiyasi joylashgan.
Haqiqatdan ham ko‘hna va zamonaviy me’morlik an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan bino – o‘zining nafisligi, salobati, go‘zalligi bilan har qanday nozikta’b tomoshabinni o‘ziga jalb eta oladi.
Muzey xazinasida O‘zbekiston tarixini aks ettiruvchi ashyolar saqlanadi. Bular – qo‘lyozmalar, yozishmalar, oltin, kumush va mis tangalar, sopol, bronza va mis buyumlar, me’moriy qoplamalar, etnografik buyumlar, zargarlik buyumlari namunalari, shuningdek, Amir Temur maqbarasidan, Bibixonim masjididan topilgan ashyolar va h.k. Hozirgi kunda muzey ekspozitsiyasidan 1000 dan ortiq eksponat joy olgan.
Muzey o‘z faoliyati davomida xalqimizning va poytaxt mehmonlarining sevimli ziyoratgohiga aylanib ulgurdi. Tashkil etilgandan buyon muzeyga tashrif buyuruvchilar soni 2850000 dan ortdi. Muzeyga xorijiy davlatlarning arboblari, barcha rasmiy delegatsiyalar ham ko‘plab tashrif buyurmoqdalar. Ular Amir Temur va Temuriylar davri tarixi bilan tanishib, juda katta taassurot olmoqdalar. Shu davr mobaynida muzeyga jahonning turli davlatlaridan 1450 dan ortiq rasmiy mehmonlar tashrif buyurdilar va Temuriylar davri tarixi bilan tanishib, «Muzeyning faxriy mehmonlar kitobi»ga o‘zlarining taassurotlarini, samimiy dil so‘zlarini yozib qoldirganlar. Ular asosida muzeyda «Dastxatlar» ko‘rgazmasi yaratildi.
Muzeyda o‘zbek xalqi davlatchilik tarixini, Temuriylar davri tarixini, an’ana va qadriyatlarimizni aks ettiruvchi 90 dan ortiq ko‘rgazmalar tashkil etildi. “Movaraunnahr hukmdorlari”, “Merosimiz davomchilari”, “Amir Temur hayotidan lavhalar”, “Shohruhiya – qal’a shahri Temuriylar davrining noyob yodgorligi”, “Xorijdagi merosimiz”, “Amir Temur – Klavixo – Samarqand”, «O‘zbekistonda yozuv madaniyati tarixi», “Toshkent – SHarq durdonasi”, “Noyob qo‘lyozmalar xazinasidan”, “Samarqand – 2750 yoshda”, ”Sovg‘alar“, “Toshkent – islom madaniyati poytaxti”, “Temuriylar davri renessansi”, “Temuriylar davlatining diplomatik munosabatlari”, “Jahon xazinalaridagi Temuriylarga oid javohirlar”, “SHoxruhiya – Temuriylar bunyodkorligi yodgorligi”, “Tarixiy obidalarimiz: kecha va bugun”, “Muzey xazinasidagi nodir qo‘lyozmalar”, “Amir Temur davrida bog‘ yaratish san’ati”, “Tangalarda aks etgan tarix”, “Boburiylar davri me’morchiligi va miniatyuralarida Temuriylar davri an’analarining davomiyligi” va h.k. ko‘rgazmalar shular jumlasidandir. 2018 yilning 10 dekabrida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” nomli ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada 13 jilddan iborat “O‘zbekistonning me’moriy epigrafikasi” (Arxitekturnaya epigrafika Uzbekistana) hamda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” (Kulturnoe nasledie Uzbekistana v sobraniyax mira) nomli 10 tomlik kitob-albomlarning namoyishi, shuningdek Katta Langar Qur’oni, “Temur tuzuklari”, Sulton Husayn Boyqaroning “Devoni Husayniy” qo‘lyozmasi hamda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asariga ishlangan 31 ta miniatyura faksimili namoyishga qo‘yildi. 2021 yilda O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi hamda Sohibqiron tavalludning 685 yilligiga bag‘ishlangan “Mustaqillik yillarida Amir Temur va Temuriylar davri tarixiga oid nashr etilgan kitoblar” va “Temuriylar tarixi davlat muzeyi numizmatika kolleksiyasi” nomli ko‘rgazmalar tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Muzey o‘z eksponatlari bilan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etib, o‘zbek xalqining boy moddiy va ma’naviy merosini jahonga targ‘ib qilib kelmoqda, xususan, Fransiyada o‘tkazilgan “Temuriylar renessansi”, Germaniyaning Gannover shahrida o‘tkazilgan «Ekspo – 2000», Avstraliyaning Sidney shahridagi Paurxaus muzeyida o‘tkazilgan «Yorqin gullar: Markaziy Osiyo gazlamalari va keramikasi» xalqaro ko‘rgazmalarida muzeyning noyob eksponatlari namoyish etildi. Shuningdek, 2016 yilning 26-27 mayida Leyden universitetida (Niderlandiya) Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiya doirasida “Dunyo xazinalaridagi Temuriylarga oid javohirlar” fotoko‘rgazmasi o‘tkazildi. 2018 yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilinganligi munosabati bilan Turkiston shahridagi “Azret Sultan” davlat tarixiy-madaniy qo‘riqxona-muzeyining taklifiga binoan 2018 yilning 5 iyulida “Temuriylar tarixi davlat muzeyi durdonalari” fotoko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmadan Temuriylar tarixi davlat muzeyining noyob eksponatlarining suratlari va muzey nashrlari o‘rin oldi.
Muzeyda Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda «Noyob qo‘lyozmalar», Eron elchixonasi bilan hamkorlikda “Amir Temur va Temuriylar davri miniatyuralari”, O‘mon Sultonligining Hujjat va arxivlar Milliy boshqarmasi bilan hamkorlikda “Uzoq va yaqin O‘mon” hamda “Azret Sultan” davlat tarixiy-madaniy qo‘riqxona-muzeyining “Buyuk dasht merosi” deb nomlangan fotoko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada qo‘riqxona-muzeyi noyob eksponatlari, tarixiy obidalarining 50 ta surati namoyish etildi.
Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va milliy istiqlol g‘oyasini singdirish maqsadida yubiley sanalari, tarixiy sanalar va bayramlar munosabati bilan 250 ga yaqin ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. “Qalam ahlining darg‘alari”, “Temuriylar davri huquqiy merosi”, “Amir Temur avlodlari”, “Qadriyatimiz dahosi”, ”Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni”, “Ma’navitimiz tarixidagi buyuk siymolar”, “Ulug‘ ajdodlardan meros shijoat”, “Tarix – kelajak taraqqiyotining asosi, “Amir Temur va Temuriylar davlatida xalq diplomatiyasining roli”, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bag‘ishlangan “Yuksak ma’naviyatli shaxs tarbiyasida Amir Temur o‘gitlarining ahamiyati”, “Sohibqiron Amir Temur – Temuriylar renessansi bunyodkori” kabi tadbirlar shular jumlasidandir.
Muzeyning asosiy ekspozitsiyasida, ko‘rgazmalarida Amir Temur va Temuriylar davri tarixi bo‘yicha maktab o‘quvchilari, talabalarga o‘tkazilayotgan darslar, “Amir Temur va Evropa”, “Amir Temurning harbiy mahorati”, “Amir Temur va temuriylar davrida moliya-pul siyosati”, “Amir Temur davlati ispan elchisi nigohida”, “Temur tuzuklari”, “Shohrux Mirzo davrida diplomatiya”, «Ulug‘bek davrida Movarounnahr», “Boburiylar davlati”, «Temuriy malikalar», “Temuriy shahzodalarning Movarounnahrda tutgan o‘rni”, “Sulton Husayn Boyqaro hukmronligi davrida Xuroson”, “Temuriylar davri me’morchiligining o‘ziga xos xususiyatlari” kabi mavzuli ekskursiyalar, davra suhbatlari yosh avlodni o‘z vatani tarixini chuqur o‘rganishida, tarix fani bo‘yicha bilimdon mutaxassislar bo‘lib yetishishida katta rol o‘ynamoqda.
Muzeyda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tarix fakulteti, O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Oliy pedagogika instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Farg‘ona davlat universiteti tarix fakulteti bilan hamkorlik shartnomalari tuzilgan. Shu asosda talabalarning malakaviy amaliyotini o‘tkazish, ekskursiyalar va Amir Temur va Temuriylar davri tarixi bo‘yicha darslarini tashkil etish, talabalarga ilmiy va uslubiy jihatdan yordam berish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va etnologiyasi” kafedrasining filiali tashkil etilgan bo‘lib, talabalarning bitiruv malakaviy ishlari himoyasi muzeyda o‘tkaziladi.
Respublika OTM, litsey, kollej va maktablar bilan tuzilgan shartnomalar asosida o‘quvchi va talabalarning muzeyga rejali tashrifi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga Amir Temur va temuriylar davri tarixini yanada chuqurroq o‘rganishi uchun ekskursiyalar tashkil etiladi. Muntazam ravishda etakchi temurshunos olimlar ishtirokida “davra suhbatlari” uyushtiriladi, ko‘chma ko‘rgazmalar tashkil etiladi. Xususan, 2018 yilning oktyabrida Farg‘ona davlat universiteti bilan tuzilgan shartnomaga asosan muzey olimlari tomonidan talabalar uchun “mahorat darslari” o‘tkazildi, 2019 yilning 8 aprelida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 683 yilligiga bag‘ishlab O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ko‘chma ko‘rgazma tashkil etildi.
2017 yilning 13-14 sentyabrida TIKA va Xalqaro Amir Temur hayriya jamoat fondi bilan hamkorlikda “Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat” mavzuida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, 2018 yilning 14 dekabrida “Temuriy malika Gavharshod begim hayoti va faoliyati” mavzuidagi Xalqaro ilmiy-amaliy Simpozium, 2019 yilning 10 aprelida O‘zR Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 8 martdagi “2019 yilning 10-16 aprel kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish Assotsiatsiyasi tashkil topganligining 30 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish” to‘g‘risidagi 159-f farmoyishiga asosan “Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaci, “O‘zbekiston — buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat” mavzusidagi meros haftaligi (2019 yil 22—27 avgust kunlari) doirasida 22 avgust kuni O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib etish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining III xalqaro kongressi sho‘b’alaridan biri muzeyda o‘tkazildi.
Muzeyda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2018 yilda muzeyning mobil ilovasi (o‘zbek, rus va ingiliz tillarida), 2019 yilda 148 ta noyob eksponatning QR-kodi (o‘zbek, rus va ingiliz tillarida) yaratildi. Muzey ekspozitsiyasida respublika muzeylari ichida birinchi bo‘lib interaktiv sensorli proektordan foydalanila boshlandi. Shuningdek, 2020 yilning ilk kunlaridan muzeyda Smart-texnologiyalarining joriy qilinishi muzeyshunoslik sohasida katta burilish yasadi. Muzeyga tashrif buyuruvchilar zamonaviy interaktiv vositalar yordamida turli eksponatlar va muzey haqida qo‘shimcha ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Muzey eksponatlari haqidagi ma’lumotlar Nazzar – innovatsion ilovasi yordamida real elementlar bilan boyitildi. Smartfoningizni muzeyning 21 ta nuqtasiga o‘rnatilgan eksponat tasviri tushurilgan AR belgili maxsus taxtachalarga yo‘naltirib, eksponat haqidagi ma’lumotlarga o‘zbek, rus, ingliz, fransuz tillaridagi audio-videogid yordamida ega bo‘lishingiz mumkin. SHuningdek, 3D dinamikali gologrammalar ham aks etib, u turli effektlar bilan to‘ldirilgan. Foydalanuvchi o‘z smartfoniga Android va iOS qurilmalari uchun ishlab chiqilgan NazzAR ilovasini yuklab olishi lozim. Ushbu nnovatsion loyiha Amir Temur va Temuriylar tarixini yanada kengroq yoritib berishga hizmat qilmoqda. Smart-texnologiyalarining muzeyda joriy qilinishi respublikamiz tashrifchilari va sayyohlar uchun juda katta qulayliklarni yaratdi.
Muzey qoshida tashkil etilgan ilmiy guruh yubileylar munosabati bilan chop etiladigan kitoblarni nashrga tayyorlash ishlarini amalga oshirdi. Shu davr mobaynida “Amir Temur jahon tarixida” (1996, 2001), “Xiva – ming gumbaz shahri” (1997), “Buxoro – Sharq durdonasi” (1997), “Moziydan taralgan ziyo” (1998), “Jaloliddin Manguberdi” (1999), “Termiz” (2001), “Shahrisabz – ming yillar merosi” (2002) kabi kitob-albomlar nashrga tayyorlandi va chop etildi.
Temuriylar tarixi davlat muzeyi Fanlar akademiyasining ilmiy tadqiqot institutlari, muzeylari bilan hamkorlikda ish olib borishni, turli o‘quv muassasalari bilan aloqani mustahkamlashni kelajakdagi vazifalari qatoriga kiritgan.
Muzeyning endilikdagi asosiy xalqaro faoliyati xorijiy mamlakatlar muzey, arxiv va kutubxonalari bilan ilmiy va amaliy aloqalar o‘rnitishdan iborat. Jumladan, Leyden universiteti (Niderlandiya) bilan hamkorlikda 2016 yilning 26-27 mayida Leyden shahrida Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlab “Amir Temur va Temuriylar davrida madaniy va ilmiy aloqalar” mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
2018 yilning oktyabrida «Zamonaviy Ozarbayjondan tarixiy Shirvanshoxlar davlatiga sayohat” mavzuidagi Xalqaro konferensiya doirasida «Shirvanshaxlar saroyi» Davlat tarixiy-me’moriy qo‘riqxonasi bilan O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi o‘rtasida hamkorlik haqida memorandum, 2019 yilning avgusti oyida Belorus Respublikasi Milliy Badiiy muzeyi bilan hamkorlik shartnomasi va 2020 yilda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh shahri “Sulaymon Too” milliy tarixiy-arxeologik muzeyi bilan memorandum imzolandi.
Hozirgi kunga kelib muzeyda jahonning bir qancha mamlakatlari: Rossiya, Belgiya, Fransiya, Germaniya, AQSH, Angliya muzey va gallereyalari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatish rejalashtirilgan. O‘zaro hamkorlik natijasida tajriba almashish, Temuriylar davri tarixiga oid ashyolar haqida axborot yig‘ish, ularning nusxalarini olish, ko‘chma ko‘rgazmalar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari muzey o‘zining fondida mavjud noyob eksponatlari bilan Respublika va xorijda o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazmalarda, faol ishtirok etishni rejalashtirgan. Shuningdek, turistik kompaniyalar bilan aloqalarni kuchaytirib, turistik ko‘rgazmalarda ishtirok etishni keng yo‘lga qo‘yish kelajakdagi asosiy maqsad va vazifalar qatoriga kiritilgan.
Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil qilingan.
Pommy ipsum therewith nutter well chuffed apple and pears wedding tackle balderdash toad in the whole one feels that wind up Union Jack doolally bloke.
Mozzarella pepper jack cut the cheese. Chalk and cheese chalk and cheese cottage cheese from age fondue cheese slices cottage cheese everyone loves.
Boursin smelly cheese emmental. Fromage who moved my cheese airedale blue castello everyone loves pecorino rubber cheese roquefort. Cheese and biscuits swiss fromage cheese and wine halloumi brie.
"Temuriylar tarixi davlat muzeyi durdonalari" albom-katalogi nashr qilindi.
Ish kunlari: Seshanba – Yakshanba, 10:00-18:00
Dam olish kuni: Dushanba
Tel: +998 71 232 02 12
Faks: +998 71 232 02 13
E-mail: info@temurid.uz