2023-yil 9-aprel kuni Buyuk ajdodimiz, yirik davlat arbobi, ilm-fan va madaniyat homiysi, mohir sarkarda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 687 yilligiga bag‘ishlab Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Mumtoz cholg‘ularning sirli sadosi” nomli ko‘rgazma ochildi.
Temuriylar hukmronligi davrida xonanda va sozandalar harbiy hamda boshqa tantanalarning doimiy qatnashchilariga aylangan. Xalq tomoshalari, ommaviy bayramlar ularsiz o‘tmas edi. Bu esa o‘z navbatida musiqaning boshqa san’atlar qatorida muhim o‘rin egallashini ta’minlagan. Temuriylar davri cholg‘u sozlari o‘zining ohangrabo navolari bilanasrlar osha bizgachayetib keldi. Bu jarayonlarda ustazoda hunarmandlarning mehnati kattadir. Ilmiy-ijodiy bosqichlardan o‘tib, o‘rganilgan cholg‘u asboblari o‘zbek mumtoz musiqasi durdonalari uchun xizmat qilmoqda. Mana shunday zahmatli va sharafli vazifani uddalab kelayotgan usta hunarmand Abdumalik Madraimovdir.
Usta o‘zining 50 yillik faoliyati davomida Abu Nasr Farobiy, Al Xorazmiy, Abu Ali Ibn Sino, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi siymolarining ilmiy-falsafiy va badiiy, tarixiy asarlarini qunt bilan o‘rgandi. Ayniqsa Kamoliddin Behzod miniatyuralarida aks ettirilgan soz va sozandalar ustani qiziqishini yanada kuchaytirdi. Natijada uzoq yillik mehnati evaziga “G‘ijjak Boburiy”, “Dilrabo”, “Dilnavo”, “Meros”, “Xushnavo”, “Qo‘shtor”, “Qadimiy chang” deb nomlangan ajoyib sozlar yaratildi. 1969-yildan buyon xalq hunarmandchiligining milliy musiqa sozlarini ta’mirlash va yaratish bo‘yicha ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanib kelmoqda. Usta o‘zidagi tajribani yoshlarga o‘rgatish mobaynida 130 dan ortiq shogirdlar tayyorladi. U yaratgan mumtoz sozlar Temuriylar tarixiy davlat muzeyi, Andijondagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi muzey, Angliya qirollik muzeyi, Yaponiya san’at muzeylari ekspozitsiyalaridan o‘rin olgan. Abdumalik Abduraimovich tomonidan yaratilgan milliy cholg‘u asboblari dunyoning 43 ta davlatiga eksport qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi «Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-112 sonli qarori ijrosida belgilangan “Milliy musiqa cholg’ularida kuy ijro etish, tasviriy va amaliy san’at, hunarmandchilik yo’nalishidagi amaliy to’garaklar tashkil etish” vazifasini amalga oshirishda Abdumalik Madraimov va shogirlarining хizamtlari kattadir.
“Mumtoz cholg‘ularning sirli sadosi” ko‘rgazmasi Abdumalik Madraimov va uning shogirdlari tomonidan so‘nggi yillarda yaratilagan yangi milliy cholg‘ularni bir yerga jamlab, Temuriylar davri musiqa san’atini o‘zida aks ettirgan. Ushbu ko‘rgazma yoshlarda vatanga sadoqat ruhini, ajdolarimiz yaratgan buyuk merosdan bahra olish tuyg‘ularini yanada shakllantirishga xizmat qiladi.
Koʼrgazma doirasida «Cholg‘u asboblarini sozlash» bo‘yicha mahorat darsi ham tashkil etildi.


