Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlariga bag‘ishab O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Xalqaro Amir Temur hayriya jamoat fondi, O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat Kengashi, Respublika Ma’anviyat va ma’rifat markazi Chirchiq shahar bo‘linmasi, Xalq ta’limi vazirligi Chirchiq shahar boshqarmasi hamkorligida «Buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganamiz» mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Temuriylar tarixi davlat muzeyining bir qator olimlari, muzey direktori, tarix fanlari nomzodi Xurshid Fayziyev, katta ilmiy xodim, tarix fanlari doktori, professor Abdumajid Madraimov, ilmiy xodim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, adib To‘lqin Xayit, bo‘lim mudiri Azizjon Sharipovlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Tadbirda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanishi ta’kidlandi. O‘zbek tili va adabiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yoshlarni yuksak ma’naviyatli, teran tafakkurli insonlar etib tarbiyalashda bu ikki mutafakkirlar ijodining ahamiyati xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan g‘azallar o‘qildi. Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning ijodi bilan yana bir bor yaqindan tanishishlari uchun xizmat qildi.


