Barcha ko‘rgazmalarga qaytish

«ALISHER NAVOIY VA ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR ASARLARIGA ISHLANGAN MINIATYURALAR» ko‘rgazmasi ochildi

Buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy, Temuriylar sulolasining buyuk namoyondasi, shox va shoir Zahiriddin Muxammad Bobur Temuriylar davri miniatyura va kitobat sanati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shganlar. Miniatyura va badiiy kitobat san’atining eng gullagan davri XV asrning ikkinchi yarmida Hirot, XVI asrning birinchi yarmida Buxoro va Tabriz, XVI asrning ikkinchi yarmida Hindistonda bo‘ldi.

Alisher Navoiy o‘z faoliyatini ilm, ma’rifat va adabiyot, obodonchilik ishlari ravnaqiga baxsh etgan. Bu buyuk inson o‘zbek mumtoz adabiyotini yangi taraqqiyot pog‘onasiga ko‘targan iste’dod egasidir. Navoiy 1483-1485 yillarda “Hamsa” asarini yaratgan. Ushbu asar o‘z ichiga quyidagilarni olgan: “Hayrat ul-Abror”, “Farxod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ayi sayyor” va “Saddi Iskandariy”. “Xamsa” asari va shoir lirikasining ba’zi g‘azallariga ishlangan mumtoz miniatyuralar Navoiy asarlarning mazmun asosini ifodalaydi. Buyuk miniatyurachi musavvir Kamoliddin Behzod va uning shogirdlari Qosim Ali, Do‘st Muhammad, Mirak Naqqosh, Mahmud Muzahhib va boshqa miniatyurachi rassomlar ijodida ko‘rish mumkin. Hozirgi kungacha Navoiyning ilg‘or insonparvar g‘oyalari rassomlarga ilhom manbai bo‘lib kelmoqda.

        Temuriylar sulolasining buyuk namoyondasi Zahiriddin Muhammad Bobur o‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan, siyosatchi, adib, shoir va olimdir.  U Hindistonda buyuk Boburiylar davlatiga asos soldi,  mamlakatning  madaniy taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi. Bobur asarlariga ham o‘sha davrda musavvirlar tomonidan miniatyuralar yaratilgan. Jumladan, XVI asrda hind rassomlari tomonidan  atoqli olim va davlat arbobi Zaxiriddin Muxammad Boburning (1483-1530) mashhur asari “Boburnomaga” miniatyuralar ishlangan.

          Temuriylar davrining ikki buyuk siymosi, ularning ijodi va asarlari, mo‘tabar qo‘lyozmalariga ishlangan nafis mo‘jaz rasmlar, naqshu-nigorlarni o‘rganish, ularning merosini ilmiy tahlili bo‘yicha so‘nggi yillarda qator taniqli tadqiqotchilar ish olib bordilar va bugungi kunda ham bu ulug‘ zotlarning merosi ijodkorlar, olimlar, rassomlar uchun ham ilhom manbai bo‘lib kelmoqda. Ularning nomi va ijodiy merosi xalqimiz uchun g‘oyat tabarrukdir.

        Ko‘rgazma Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud sanalariga bag‘ishlangan bo‘lib, bunda “Alisher Navoiy asarlari” va “Boburnoma”ga ishlangan minatyuralarning fotonushalari namoyish etilgan. Miniatyuralarda me’moriy obidalar, ularning bezaklari, bog‘lar, saroylar, tabiat manzaralari, o‘simliklar dunyosi, xayvonot olami tasvirlangan. Namoyish etilayotgan miniatyuralar o‘zida XV-XVI asrlarda adabiyot, she’riyat, tasviriy sanat yuksak darajada ravnaq topganini yaqqol aks ettirgan.

    Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi jahon sanati taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan Temuriylar davri miniatyura va kitobat sanatini Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlariga ishlangan noyob namunalar orqali keng jamoatchilikka namoyin etishdir.

  • Sana
  • O‘tkazilish joyi:Tashkent
  • Murabbiylar:Temuriylar tarixi davlat muzeyi
  • Davomiyligi:30

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.