Mustaqillik yillarida xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini tiklash, buyuk allomalarimiz, aziz-avliyolarimizning ilmiy, diniy va ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, muqaddas qadamjolarini obod qilish, yosh avlodni ularning ezgu an’analari ruhida tarbiyalash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi va izchil davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston xalqining umummilliy boyligi bo‘lmish moddiy madaniy va arxeologiya merosi ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish tizimini yanada takomillashtirishga, noyob moddiy madaniy meros ob’ektlarini har tomonlama o‘rganish, ommalashtirish va targ‘ib qilishga davlat siyosati darajasida alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda. Bugungi kunda Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Hukumat komissiyalari faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy-intellektual merosimizni saqlash, ilmiy tahlil qilish, uning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida soha mutaxassislariga, tegishli ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan o‘quvchi va talabalarga batafsil ma’lumot berib borish, dunyo xazinalarida saqlanib kelinayotgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz nodir asarlarini izlab topish, ilmiy o‘rganish,va dunyo hamjamiyati o‘rtasida keng targ‘ib etish va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida alohida Davlat dasturi va “Yo‘l xaritasi” tuzilib, maxsus ishchi guruh tomonidan bir qator amaliy ishlar bajarilmoqda?.
Jumladan, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi Boshqaruvi raisi, loyiha rahbari Firdavs Abduxalikov tomonidan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi doirasida xorij fondlarida saqlanayotgan O‘zbekistonning noyob ashyolari haqida ma’lumot beruvchi ko‘p jildlik “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” nomli kitob-albom nashr etildi. Shuningdek, nodir qo‘lyozmalarning asl nusxasiga mos faksimil nashrlari yaratilib, yurtimizga olib kelindi. Bu hayrli ishlarning pirovard natijasi muzey xazinalari noyob ashyolarga yanada boyishiga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 10 dekabrida O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” nomli ko‘rgazma ochildi.
Tabrik so‘zi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduxakimov, O‘zbektiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi Boshqaruvi raisi, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi rahbari Firdavs Abduxalikov, O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori X.T.Fayziyev hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti professori, t.f.d., akademik Dilorom Yusupova so‘zga chiqdilar.
Shundan so‘ng “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” nomli ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada 13 jilddan iborat “O‘zbekistonning me’moriy epigrafikasi” (Arxitekturnaya epigrafika Uzbekistana) hamda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” (Kulturnoye naslediye Uzbekistana v sobraniyax mira) nomli 10 tomlik kitob-albomlarning namoyishi, shuningdek Katta Langar Qur’oni, “Temur tuzuklari”, Sulton Husayn Boyqaroning “Devoni Husayniy” qo‘lyozmasi hamda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asariga ishlangan 31 ta miniatyura faksimili namoyishga qo‘yildi.
Tadbir yakunida mehmonlarga muzey ko‘rgazmalar zallari bo‘ylab sayohat tashkil qilindi. Ushbu ko‘rgazmalar keng jamoatchilikka, ayniqsa mustaqillik, milliy istiqlol, Vatanga sadoqat ruhida tarbiya topayotgan yosh avlodga o‘zligini anglash, davlatimizning boy an’analarini, qadimiy qadriyatlarimizni, ota-bobolarimizning bebaho merosiga mehr bilan boqib, asrab-avaylash kabi xislatlarni yanada chuqurroq anglashda boy manba sifatida xizmat qilishiga ishonchimiz komildir.


