Mustaqillik yillarida boy ma’naviy merosimiz, milliy-qadriyatlarimiz, shu jumladan ulug‘ bobomiz Sohibqiron Amir Temurning jahon madaniyati tarixidagi o‘rni tiklandi va temuriylar tarixini chuqur o‘rganish, uni targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi. Amir Temur o‘z avlodlariga nafaqat katta saltanatni, ayni vaqtda yaxshi an’analarni ham meros qoldirdi. Barcha Temuriylar Amir Temurning obodonchilik, mamlakatni adolat bilan boshqarish, ilm-fan, madaniyat, san’at sohalaridagi ishlarini davom ettirdilar. Tarixga nazar tashlar ekanmiz nafaqat temuriy hukmdorlar, balki temuriy malikalar ham iste’dodli siyosatchi, yetuk olima va xassos shoira bo‘lganliklariga ishonch hosil qilamiz. Ular tarix zarvaraqlarida o‘zlaridan o‘chmas iz qoldirganlar. Ana shunday malikalardan biri Temuriylar davrining benazir malikasi, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi, Mirzo Ulug‘bekning volidasi Gavharshod begimdir. Gavharshod begim Hirot malikasi bo‘lganligi uchun ham uning O‘zbek va Afg‘on xalqlarining mushtarak tarixida tutgan o‘rni beqiyosdir. Shu sababli 2018 yil 14 dekabr soat 9.00 da Temuriylar tarixi davlat muzeyining Kichik majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining 2017 yil 11 dekabrdagi 130-sonli bayoni bilan tasdiqlangan 2017 yilning 4-6 dekabr kunlari Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlarni o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar Rejasining 45-bandiga asosan, O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zR Tashqi ishlar vazirligi, O‘zR Madaniyat vazirligi, Xalqaro Amir Temur hayriya jamoat fondi hamda O‘zbekiston – Afg‘oniston do‘stlik jamiyati bilan hamkorlikda Gavharshod begimga bag‘ishlangan “Temuriy malika Gavharshod begimning hayoti va faoliyati” mavzuida Xalqaro ilmiy-amaliy simpozium o‘tkazildi.
Simpoziumni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev, O‘zR FA vitse-prezidenti t.f.d., prof., Bahrom Abduhalimov, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezident Devoni Ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ilhom Faridun, Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Madaniy aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muhammad Rahim Pirzoda, O‘zbekiston–Afg‘oniston do‘stlik jamiyati raisi Abdurahim Mannonov tabrik so‘zi bilan ochib berdilar.
Ushbu simpoziumda malakatimiz olimlari bilan birga Afg‘onistonlik ma’ruzachilar ham ishtirok etdilar. Jumladan, “Gavharshod begim va temuriy malikalar faoliyatining o‘z davri manbalaridagi in’ikosi” mavzuida akademik, t.f.d., prof. Dilorom YUSUPOVA, “Gavharshod begimning hayoti va faoliyati” mavzuida O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, t.f.n. Xurshid FAYZIYEV, “Gavharshod begim Sharq tamadduni va uyg‘onish davri malikasi” mavzuida Afg‘oniston Prezidentining Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha maxsus vakili idorasining mas’ul xodimi Favziya Orol XABIBIY, “Gavharshod begim – ma’rifatparvar temuriy malika” mavzuida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad ALI, “Gavharshod begim Hirot qizi va Xuroson malikasidir” mavzuida Afg‘oniston Prezidenti devonining Huquqiy masalalar bo‘yicha eksperti Muhammad Idris TAVAKKAL, “Гавхаршод и поиски Темуридами стилей архитектуры” mavzuida arx.f.d., prof. Shukur ASKAROV, “Gavharshod begim ijodining tarixdagi va bugungi kundagi ta’siri” mavzuida Afg‘onistonda O‘zbek tilida chop etiladigan “Vatandoron“ jurnali mas’ul kotibi Muhammad Rafiq QODIRIY, “Строительная деятельность Гавхаршодбегим, как фактор развития архитектуры Хорасана и Мавераннахра” mavzuida arx.f.d., Mavlyuda YUSUPOVA, “Temuriylar davlatchiligi tizimida ayollar masalasi” mavzuida t.f.n. Omonullo BO‘RIYEV va Azizjon SHARIPOV, “Женщины эпохи Темуридов в миниатюрной живописи Востока” mavzuida san’at.f.d., prof. Zuxra RAXIMOVA, “Zahiriddin Muhammad Bobur Temuriy malikalar to‘g‘risida” mavzuida t.f.d., prof. Abdumajid MADRAIMOV, “Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarida Bobur siymosi” mavzuida fil.f.d., prof. Ahmadjon QURONBEKOV, “Temuriy malikalarning jamiyatdagi o‘rni” mavzuida t.f.d. Jannat ISMAILOVA, “Texnologiya rukopisnogo dela v period Temuridov” mavzuida t.f.n. Nozim XABIBULLAYeV, “Temuriy malikalarning shahzodalarni tarbiyalash borasidagi sa’y-harakatlari” mavzuida O‘zbekistondan xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi To‘lqin HAYIT, “Temuriy malikalarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni” mavzuida Sevinch ULAShOVA, “Ilmiy tadqiqotlarda Gavharshod begim siyosiy faoliyatining yoritilishi” mavzuida Farruh AVAZOV ma’ruzalari tinglandi. Simpoziumning yakunlovchi majlisida bu kabi tadbirlar O‘zbekiston hamda Afg‘oniston dalatlari o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ma’rifiy sohadagi aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.




