Amir Temur va Temuriylar davri me’morchiligini o‘rganish davlatchiligimiz tarixining rivojlangan davrini yoritishga xizmat qiladi. Mazkur davr tarixiy-me’moriy obidalarining ba’zilari bugungi kungacha yetib kelgan. Ularni biz, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va boshqa shaharlardagi me’morchilik namunalari misolida ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, tarixiy obidalarining turli ko‘rinishlari, Temuriylar davridagi ko‘shkli bog‘lar tuzilishi, me’morchilikda ishlatilgan har xil me’moriy bezaklarni ushbu davr miniatyuralari orqali ham ko‘rishimiz mumkin.
Temuriylar davrida san’atning barcha sohalari kabi miniatyura san’ati ham yuksak taraqqiy topgan bo‘lib, ular qimmatli, shohona qo‘lyozmalarni ziynatlashda hamda muraqqa’alarini bezash uchun alohida asar sifatida yaratilgan. Ushbu miniatyuralarda me’moriy obidalar, bog‘lar, saroylar aks etttirilganligini ko‘rish mumkin va ana shunday miniatyuralar Temuriylar davri me’morchiligi haqida yanada to‘laroq ma’lumot olishga imkon yaratadi.
2018 yil 7 sentyabr Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Istiqlolimizning yorqin ko‘zgusi” mavzusida Mustaqilligimizning 27 yilligiga Toshkent davlat arxitektura va qurilish instituti doktoranti, dotsent Nafisa Gilmanovaning «Temuriylar davri miniatyuralarida me’morchilik» nomli ko‘rgazmasi tashkil etildi
Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi – Amir Temur va Temuriylar davri me’morchiligining o‘ziga xos badiiy xususiyatlarini o‘sha davr miniatyuralarida aks ettirilishi orqali ochib berishdir.
Ko‘rgazma N.Gilmanovning ilmiy tadqiqotlari natijalari asosida tashkil etilgan. Ushbu ko‘rgazmadan N. Gilmanova tomonida tayyorlangan mualliflik eskiz rasmlari, me’morchilik obidalarining badiiy tiklangan ko‘rinishi suratlari, miniatyura manbalari asosidagi badiiy va ilmiy-tarixiy fotolar o‘rin olgan.
Sohibqiron Amir Temurning Samarqand shahri atrofida barpo etgan bog‘larining qayta tiklangan ko‘rinishlari ko‘rgazmani yanada boyitishga xizmat qilganligini e’tirof etish lozim. Ushbu bog‘lar va ulardagi saroylar bugungi kungacha saqlanib qolmagan. Shu nuqtai nazardan bu ko‘shkli bog‘larning qayta tiklangan fotolari tomoshabinlarda Temuriylar davri bog‘ yaratish san’ati haqida to‘liqroq ma’lumot olishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazma ochilishida Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori t.f.n. X.T.Fayziyev va muzey katta ilmiy xodimi t.f.d. prof. A.Madraimov, Q.G‘. G‘ulomov, D.A. Nozilov, Toshkent davlat arxitektura va qurilish instituti doktoranti, dotsent N.Gilmanova so‘zga chiqdilar.
Ko‘rgazma keng jamoatchilik uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u Temuriylar davrida me’morchilik san’ati naqadar rivojlanganligini hozirgi kungacha saqlanib qolgan miniatyuralar asosida tasavvur qilish imkonini beradi.


