🔰 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-iyundagi 366-sonli «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan ilmiy tashkilotlarda Davlat dasturlari doirasida amalga oshirilgan ilmiy natijalarni monitoringini o‘tkazish belgilangan.
Joriy yilning 29-yanvar kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O’zbekiston tarixi davlat muzeyi va Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining 2025-yilda bajargan ishlari bo‘yicha monitoring o‘tkazildi.
✅ Barcha tashkilotlarning faoliyati ijobiy baholandi va muzeylarning 2035-yilgacha rivojlanish strategiyasi muhokama qilindi. Unda soha oldida turgan dolzarb vazifalar va istiqbolli yo‘nalishlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda muzey faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, ekspozitsiyalarni yangilash, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda tashrifchilar sonini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokama jarayonida muzeylarni ilmiy-tadqiqot va madaniy-ma’rifiy markaz sifatida rivojlantirish, yosh avlodni milliy tarix va madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalashda ularning о‘rnini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy muzeylar bilan tajriba almashish orqali ilg‘or amaliyotlarni joriy etish bо‘yicha takliflar bildirildi.
Yakunda bildirilgan fikr va takliflar asosida muzeylarning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini takomillashtirish, sohada samaradorlik va ochiqlikni oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish lozimligi qayd etildi.