2026-yil 10-fevral kuni Toshkent shahrida joylashgan O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyida buyuk mutafakkir va davlat arboblari — Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan “Ikki buyuk siymo – adabiyot va davlatchilikning oltin asriga yo‘l ochgan siyosat va ma’naviyat darg‘alari” mavzusidagi madaniy-ma’naviy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda “Perfect University Higher education” nodavlat oliy ta’lim muassasasi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirni O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi Fayziyev Xurshid Turg‘unovich ochib berdi. So‘ngra “Perfect” universiteti prorektorlari Ulug‘bek Muhammadiyev va Qudratov Shokirjon tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdi. Ilmiy qismda yetuk olimlar tomonidan ma’ruzalar tinglandi. Jumladan, filologiya fanlari doktori Suvon Meli “Alisher Navoiy – Temuriylar uyg‘onish davrining siyosiy arbobi, shoiri va mutafakkiri”, tarix fanlari doktori Abdumajid Madraimov “Boburning miniatyuralarida tasvirlangan davlatchilik faoliyati”, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Elmira Hazratkulova “Zahiriddin Muhammad Bobur – shoh va shoir” mavzularida chiqish qildi. Shuningdek, To‘lqin Hayit tomonidan “Navoiy” romani tarixiga bag‘ishlangan ma’ruza taqdim etildi.
Tadbirning badiiy qismida B. Inoyatov nomidagi 21-son bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Tadbir yakunida Hunarmandlar uyushmasi a’zosi Shahzoda Sayfiddinovaning “Oddiy metallardan milliy uslubda taqinchoqlar yasash” yo‘nalishidagi mahorat darsi va ko‘rgazmasi tashkil etildi. Mazkur tadbir yoshlar ongida milliy g‘urur, tarixiy xotira va buyuk ajdodlarimizga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.