Joriy yilning 14-yanvar kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Renessans universiteti hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligi va “14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlangan “MILLIY ARMIYAMIZ – G‘URURIMIZ, FAXRIMIZ” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bо‘lib о‘tdi.
Tadbir Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi Xurshid Fayziev va Renessans universiteti rektori Shohrux Nuraliyevning tabrik sо‘zlari bilan ochib berildi. Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi, shoir, tarjimon va publisist Nurali Qobulning “Amir Temurning yurt ozodligi va obodligi yo‘lidagi kurash tamoyillari”, Temuriylar tarixi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi To‘lqin Hayitning “Badiiy adabiyotda Temuriylar davrining yoritilishi”, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, temurshunos adiba Shahodat Isaxonovaning “Sohibqiron Amir Temur harbiy merosi – Vatan himoyasi ramzi”, Renessans universiteti professori Ahmadjon Beknazarovning “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda buyuk ajdodlar merosining o‘rni” va Temuriylar tarixi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bо‘yicha falsafa doktori Komiljon Sultonovning “Milliy armiyamizning tarixiy ildizlari” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.
Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar ongiga milliy g‘urur, vatanga muhabbat va ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy merosga hurmat tuyg‘ularini singdirishdan iborat bо‘ldi.
Tadbir davomida buyuk ajdodlarimiz — Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va boshqa mutafakkirlarning hayoti va faoliyati, ularning Vatan ravnaqi yо‘lidagi xizmatlari haqida ma’ruzalar qilindi. Yoshlar tomonidan savol-javoblar, fikr-mulohazalar bildirilib, tadbir qizg‘in va mazmunli tarzda о‘tdi. Tadbir ishtirokchilari bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.