Ma’lumki, Movarounnahr va Xuroson tarixida XV asr – buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur (1370-1405) asos solgan, so‘ng uning o‘g‘il va nabiralari, jumladan, Shohrux Mirzo (1405-1447), Mirzo Ulug‘bek (1409-1449) va boshqa shahzodalar tomonidan davom ettirilgan iqtisodiy va madaniy taraqqiyot davri bo‘ldi. Bu rivojlanish xoh dehqonchilik – yer-suv munosabatlarida, xoh hunarmandchilik, ilm-fan, me’moriy qurilishlar sohasida bo‘lsin jamiyat hayotining barcha tomonlariga daxldor edi. Shuning uchun ham bu davrni Movarounnahr va Xuroson tarixida Temuriylar davri renessansi, deb baholab kelinmoqda.
Yana shunisi ham e’tiborga sazovorki, mazkur iqtisodiy va madaniy taraqqiyot jarayonida ma’naviyat sohasida ham rivojlanish kuzatiladi. Buning asosida esa avval Xoja Yusuf Hamadoniy (vaf.535/1140) va Abdulxoliq G‘ijduvoniy (vaf. 575/1179)lar asos solgan, so‘ngroq esa Bahouddin Naqshband (vaf. 791/1389) davom ettirgan xojagon-naqshbandiya tasavvufiy ta’limoti yotar edi.
O‘z mohiyati bilan mehnatsevarlik, poklik, halollik, insonlarga mehr-shafqat kabi odamiylik g‘oyalarini targ‘ib etgan bu tasavvufiy ta’limot XV asr ikkinchi yarimlariga kelib Movarounnahr va Xurosonda o‘z davomchilari va targ‘ibotchilarini topdi. Ular, jumladan, Samarqandda Xoja Ubaydulloh Ahror (tug‘.806 h.y. ramazon oyi/1404 y. mart; vaf. 895 h.y. 29 rabi’al-avval/21 fevral 1490) va uning yaqin muridlari, Hirotda esa ulug‘ mutafakkir adiblar Abdurrahmon Jomiy va Alisher Navoiylar edi. Ma’naviyat sohasida mislsiz meros qoldirgan bu buyuk shaxslar naqshbandiya tariqatining nazariy jihatlarini rivojlantirish bilan bir qatorda ularni hayotda qo‘llash borasida ham hamkorlikda bo‘lib, tariqatning keng tarqalishiga katta hissa qo‘shdilar. Bu hamkorlik goh ularning shaxsan uchrashuvlari, goh esa yozishmalari vositasida amalga oshirilgan.
Biz hozir ushbu yozishmalardan «Majmua-yi murosalot» yoki «Navoiy muraqqai (albomi)» deb nomlanib kelayotgan dastxat (avtograf) ruq’alar to‘plamidagi[1] Xoja Ahror valiy va muridlari (258 dona) xatlariga to‘xtaymiz. Ular shu kunlarda inglizcha tarjimasi, tadqiqot va izohlari, faksimil matnlari, ko‘rsatkichlari bilan Gollandiyadagi mashhur «Brill» nashriyotida chop etildi. Bundan ilgarilar esa Jomiy xatlari Toshkentda (1982), Dushanbeda (1987), Kobulda (1987) va Tehronda (2000 y.) tadqiqotlari bilan bir necha bor nashr etilgan edi.
Mazkur nashrlar va boshqa maqola va risolalarda biz majmuadagi xatlar mualliflari (16 shaxs) haqida so‘zlaganbiz[2]. Ulardan ma’ruzamiz mavzusiga qaytib, Xoja Ahror valiyning yozma merosiga kelsak, uning qalamiga mansub bizgacha uch risola yetib kelgan. Ular quyidagilar: «Faqarot ul-orifin», «Volidiyya» va «Havroiyya». Bular tasavvuf ta’limotining nazariy masalalariga oid uncha katta bo‘lmagan risolalardir. Biz sharhlayotganimiz «Majmua»dagi dastxat ruq’a-xatlarni ham mazkur risolalar qatorida Xoja Ahrorning yozma merosi deb hisoblash joiz. «Majmua»ni tuzuvchi shaxs esa, aksar xatlarning muxotabi (adresati) Alisher Navoiydir. Chunonchi, Alisher Navoiy «Nasoim ul-muhabbat» asarida Xoja Ubaydulloh Ahrorga bag‘ishlangan bobda: «…Alarning bu haqir ila iltifotlari ko‘p bor uchun vahiy osor ruq’alari bila musharraf qilib, ishlarga ma’mur qilur erdilar, ul ruq’alarni muraqqa’ yasab, jadval va takallufot bila asrarmen…», – deb yozadi[3].
Biz so‘zlayotgan xatlar to‘plami haqiqatan ham jazvallar tortilib bezatilgan va unda Xoja Ubaydulloh Ahrorning 128 dona dastxat maktublari mavjud. Ularning har birida «al-faqir Ubaydulloh» degan imzo chekilgan. Shunga asosan Alisher Navoiy eslatgan muraqqa’, ya’ni xatlar to‘plami ana shu bizgacha yetib kelgan majmua deyishga asos bor.
Bundan tashqari Navoiyning zamondoshi mashhur kotib Abdulloh Marvorid o‘zining «Sharafnoma» nomli xat-nishonlar to‘plamida «Nishon-i muraqqa-i Alisher» sarlavhasi ostida Navoiy buyrug‘i bilan mashhur kishilarning «Xazonayi kutubda» saqlanayotgan dastxat maktublaridan 1492 yili bir muraqqa’ tuzilganligini aytadiki, bu dalil ham bizning qo‘limizdagi noyob to‘plam o‘sha Navoiy tuzdirgan muraqqa’ ekanligiga shubha qoldirmaydi.
Biroq to‘plamda birgina Xoja Ubaydullohning emas, balki XV asrda Movarounnahr va Xurosonda yashagan jami 16 shaxsning ruq’alari bor (594 dona).
Xulosa qilib aytganda, to‘plamga kiritilgan barcha mualliflar xoh ular Movarounnahrdan, xoh Xurosondan bo‘lsin–barchalari naqshbandiya sulukiga taalluqli tariqat ahllaridandirlar, Alisher Navoiy esa ularga chuqur hurmat yuzasidan xatlarni bir majmuaga to‘plab, avlodlarga yetkazgan.
Xatlarning aksariyati Navoiy Hirotda davlat ishlari bilan shug‘ullangan vaqtlarda yozilgan va Navoiyga, Sulton Husayn Boyqaroga, hamda, ba’zilari, Abdurrahmon Jomiyga yo‘llanib, u orqali Hirot saroyiga jo‘natilgan. Xatlarda, tabiiyki, avvalo muallifning muxotablarga bo‘lgan izzat-hurmatlari, ezgu tilaklari bayon etilib, so‘ng maqsadga o‘tiladi. Mazmunga binoan xatlarni taxminan uch turkumga ajratish mumkin.
Birinchisi–bu Movarounnahr va Xurosonda hukmronlik qilgan Temuriy hukmdorlar, chunonchi, Sulton Mahmud /Badaxshon hokimi–1459-1494/, Sulton Ahmad /Movarounnahr hokimi–1468-1493/ hamda Sulton Husayn Boyqaro /Xuroson hokimi–1469-1506/lar orasidagi siyosiy, hududiy munosabatlarga doir xatlar. Ularda Xoja Ubaydulloh Ahror va uning ketidan ba’zi muridlari Temuriy shahzodalar oldiga o‘zaro nizolarni tinchlik yo‘li bilan hal etish, urushlar tufayli aholining jonu moliga zarar yetkazmaslik kabi talablarni qo‘yadi va buni amalga oshirishni Navoiydan iltimos qiladi.
Ikkinchi tur xatlarda Xoja Ahror naqshbandiya tariqati g‘oyalaridan kelib chiqqan holda shariat qonun-qoidalarini mustahkamlash va bu orqali mamlakatda adolat o‘rnatish, musulmonlar, ya’ni oddiy raiyyatlarga jabru zulm o‘tkazishdan zolimlar qo‘lini ko‘toh qilish kabi fikrlarni ifodalaydi, ba’zan esa adolatsizlikka uchragan biror jabrdidaning aniq nomini aytib, yordam ko‘rsatishni so‘raydi. Jumladan, bir xatida Xoja Ahror otalari bir vaqtlar Hirotdan Samarqandga olib ketilgan, endi esa muhtojlikda kun kechirayotgan bir shaxsning Hirotdagi vorisiy mulkini qaytarib olishiga ko‘maklashishni so‘raydi. Boshqa bir xatda esa g‘ayri shar’iy favqulodda soliq – «nombardor»ni uni to‘lashga imkoni bo‘lmagan bir kishidan olmaslikni so‘raydi.
Uchinchi tur xatlarga kelsak, ular Xoja Ahror va uning yaqin muridlarining Xuroson hududida olib borgan xususiy xo‘jalik hamda savdo-sotiq ishlariga va shular bilan bog‘liq soliq-yig‘inlar masalasiga oid. Bu xatlarda Xoja Ahror o‘z davrining yirik yer-suv, mol-mulk egasi sifatida gavdalanadi, o‘zining va yaqin kishilarining manfaatlari Xurosonda ham himoya qilinishiga intiladi. Ammo, aytib o‘tish lozimki, bu turdagi xatlar orasida ham ba’zan adolat talab kishilar huquqini himoya qilishga qaratilgan iltimoslar uchrab turadi.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, XV asr Temuriylar davlatida, Movarounnahr va Xurosonda iqtisodiy, madaniy, fanniy sohalarda yuksalish davri bo‘ldi. Shu bilan birga Temuriylar davlatining inqirozga yuz tutishi ham shu asr oxirlaridan boshlandi. O‘z aro taxt uchun kurashlar, feodal nizolar natijasida oddiy xalq ahvoli og‘irlasha bordi. Ana shunday bir sharoitda Xoja Ubaydulloh Ahror musulmonlar boshidan jabr-zulmni daf’ etmoq uchun din va shariatni dastur qilgan holda sultonlarga murojaat qilmoq lozimligini naqshbandiya tariqat ahlining vazifalaridan deb uqtiradi. Bu esa tasavvufning nazariy ta’limotida yangi ijobiy qarash edi.
Hirot saroyiga tushgan xat-iltimosnomalarning ko‘pligi va ularda ko‘tarilgan masalalarning hayotiyligini ana shundan deb bilish lozim.
Shu sabab bo‘lishi kerakki, Xoja Ahror saroy xizmatidan voz kechmoqchi bo‘lgan Alisher Navoiyga xat yozib, aytadi: «…Eshitishimcha, onhazrat, ya’ni sultonga mulozamat qilishdan goho malolat chekar ekansiz. Iltimos shulki, musulmonlarga madad yetkazmoq va biror faqirning dili mushkullikdan xalos topib, shod bo‘lmog‘i uchun xotiri sharifingizni darbor xizmatidan uzmang… Biror kishi ham musulmonlar g‘amini yeyishni o‘ylamay qo‘ygan bu vaqtda ularga g‘amxo‘rlik qilish–eng xayrli ishdir …!» Bu satrlar naqshbandiya tariqatining ham, uning yirik namoyondalarining ham ma’naviy normalarini belgilovchi satrlardir.
Xatlar bir tomonlama–saroyga kelib tushgan xatlar. Shuning uchun ruq’alarda bayon etilgan masalalar bo‘yicha Alisher Navoiy va Husayn Bayqarolar qanday choralar ko‘rganliklari haqida savol tug‘iladi. Bunga ijobiy javob ham ba’zi xatlar mazmunidan kelib chiqadi. Masalan, Xoja Ubaydullohning yaqin muridlaridan biri Mavlono Qosim Hirot saroyiga yo‘llagan bir xatida Sulton Mahmud /Badaxshon hokimi/ bilan Husayn Boyqaro orasidagi nizolarni tinchlik yo‘li bilan hal etish masalasiga to‘xtab, bu haqda Alisherning xatlari bor, deb ta’kidlaydi.
Bundan kelib chiqadiki, Xoja Ahror va uning doirasidagi tariqat ahllari o‘zlarining amaliy faoliyatlarida mamlakatda tinchlikni barqaror tutish, ayrim soliqlarni, adolatsizlik va jabr-zulmlarni raiyyat boshidan daf’ etish kabi xayrli ishlarni qisman bo‘lsada amalga oshirishga muvaffaq bo‘lganlar.
Keyingi yillarda Xoja Ahror faoliyatini yoritishda uning mamlakatda tinchlik o‘rnatish, mo‘g‘ullar davridan qolgan g‘ayri shar’iy soliqlarni /tamg‘o, yarg‘u/ bekor qilish kabi ijobiy – hayotiy ishlarni bajarganligi qayd etilmoqda, uning yer-mulk, boylik orttirishdan ko‘zlagan maqsadi mamlakat obodonchiligiga, xalq manfaatiga qaratilganligini e’tirof etilmoqda. Bu haqiqat o‘z zamoni mualliflari tomonidan ham qayd etilib kelgan edi. Chunonchi, Abdurahmon Jomiy «Silsilat uz-zahab» asarida /Tehron nashri, 158-161 betlar/ «Surat (ya’ni dunyoviy ishlar) ko‘pligining mulohazasi komil oriflarni vahdat sirrini mushohada etishdan to‘xtata olmaydi» degan sarlavha ostida Xoja Ahror dunyoviy ishlar bilan ham band bo‘lganligini tavsif etadi, sultonlar ustidan shariat va din hukmlarini o‘rnatib, Chingiz zulmi qoldiqlaridan olamni tozalaganligi, tamg‘o va yarg‘u soliqlarini bekor etishga erishganligini aytadi: «Tuhfat ul-ahror» asarida «Xoja Nosiruddin Ubaydullohning dodxohligi bayonida» sarlavhasi ostida Jomiy Xoja Ahrorning Chingiz sitamnomasini yuvib tashlab, zulm xatini mahv etganligi aytiladi: «Yusuf va Zulayho» dostonida esa Jomiy «Xoja Ahror nomini tilga olish tabarruk ekanligi»ni eslatuvchi sarlavha ostida uning dehqonchilikni rivojlantirish bobidagi sa’y-harakatlariga shoirona go‘zal bir tavsif beradi:
Jahon boshad bachashmash kishtzori
Namixohad dar on juz kisht kori.
Az on dona k-azu Odam banokom
Z-i bo‘stoni behisht omad badin dom,
Hazorash mazraa dar zeri kishtast,
Ki zodi raftani rohi behishtast.
Dar in mazra’ fishonad tuxmu dona
Dar on olam nihad anborxona.
Tarjima: Butun jahon uning ko‘z o‘ngida bir ekinzordir,
Unda ekin ekishdan o‘zga ishni istamaydi.
Odam alayxissalom tanovul qilib qo‘yib
Behisht bo‘stonidan bu qaro yer domiga ilingan
bug‘doy donasidan
Xoja Ahror minglab ekinzorlarga sochgan
Va bu – uning jannat tomon yo‘l qutidir.
Bu dunyo ekinzoriga u urug‘ – donalar sochadiyu,
Narigi olam uchun anborxonalar to‘latadi.
Biz yuqorida qisqacha tavsiflab o‘tganimiz ruq’alar mazmuni naqshbandiya tariqatining XV asrdagi nazariyotchilaridan biri Abdurrahmon Jomiyning mazkur so‘zlari bilan hamohangdir. Xatlar Xoja Ahror rahbarligidagi tasavvuf ahlining amaliy faoliyatlari mamlakat ahvoli, xalq hayoti bilan bog‘liq ekanligidan dalolat beradi.
Bu esa, naqshbandiya tariqati asoschilaridan biri Abdulxoliq G‘ijduvoniyning “…xalq gardanidan og‘irliqni ko‘tarish kerak, ammo bu faqat halol kasb bilangina muyassar bo‘lg‘usidir; “Qo‘l ish bilan, dil yor (Olloh) bilan” shiori xojagon (naqshbandiya) tariqatida muqarrardir” (Faxriddin Ali, “Rashahot” Lohur, 1308 x.y., 255 bet).
Shu bilan birga ayta olamizki, Xoja Ahror xatlarida keltirilgan mamlakatdagi ijtimoiy va iqtisodiy hayotga oid ayrim qaydlar XV asr Movarounnahr va Xuroson tarixini yoritishda qimmatli manba xizmatini o‘taydi.
Binobarin, Xoja Ahror valiy va uning muridlari xatlarini kelajakda o‘zbek va rus tillarida ham chop etilsa foydadan holi bo‘lmasligi muqarrardir.
[1] ЎзР Фанлар академияси Абу Райҳон Беруний номидаги Шарқшунослик институти қўлёзмалар хазинаси, инв. 2178.
[2] «Письма-автографы Абдурахмана Джами из «Альбома Навои». Введение, перевод, примечание и указатели А.Уринбаева. Ташкент, Изд-во «Фан», 1982, с.15-27.
[3] Ўзбекистон Республикаси Фанлар академияси Шарқшунослик институти, қўлёзма № 857, варақ 178 б.
* * *
В данной статье приводится научный анализ писем Ходжа Ахрара вали, известной исторической личности в общественно-политической и духовной жизни Средней Азии в XV веке. Письма содержат идеи суфийского ордена ходжагон-накшбандийа, основу которых составляют такие добрые понятия, как духовная чистота, трудолюбие, гуманизм, милосердие и т.п.
Asomiddin O‘rinboyev,
Xoja Ubaydulloh Ahror Valiy maktublarida XV asr ijtimoiy-iqtisodiy xayotiga doir qaydlar // Temuriylar davri madaniy yodgorliklari / Temuriylar tarixiga oid manbalar: muammolar, mulohazalar / Respublika miqyosidagi ilmiy anjuman materiallari (18 oktabr 2002 yil). Mas’ul muharrir: N.N.Habibullaev. 1- kitob. – Toshkent, 2003. – B. 5-12.