Mustaqillikka erishishimiz bilanoq boy ma’naviy merosimiz, milliy-qadriyatlarimiz, shu jumladan ulug‘ bobomiz Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar tarixini chuqur o‘rganilmoqda. Amir Temur merosini o‘rganish bo‘yicha Yevropa va Sharq tillarida mingdan ziyod yaqin kitoblar yozilgan, ko‘pdan-ko‘p suratlari ishlangan. Amir Temur o‘z avlodlariga nafaqat katta saltanatni, ayni vaqtda yaxshi an’analarni ham meros qoldirdi. Barcha Temuriylar Amir Temurning obodonchilik, mamlakatni adolat bilan boshqarish, ilm-fan, madaniyat, san’at sohalaridagi ishlarini davom ettirdilar.
Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar hukmronligi bilan bog‘liq siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy hayotning barcha jabhalarida rivojlanishlar davri bo‘ldiki, bu davr jahon miqyosida Temuriylar renessansi deya e’tirof etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil etilganining 23 yilligiga bag‘ishlab, joriy yilning 18 oktyabr kuni o‘tkazilgan «Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati» mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi aynan yuqoridagi fikrlarni inobatga olgan tadbirlardan biridir.
O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, t.f.n. X.T. Fayziev kirish so‘zi bilan konferensiyani ochib berdi.
Konferensiyaning yalpi majlisida yurtimizning taniqli olimlari va yozuvchilari o‘zlarining ma’ruzalari bilan qatnashdilar. Jumladan, O‘zR FA San’atshunoslik instituti professori, san’atshunoslik f.d., akademik Akbar HAKIMOV “Islom san’ati falsafasi” mavzusida; O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti professori, t.f.d., akademik Dilorom YUSUPOVA “Fasih Havofiy qalamiga mansub “Mujmali Fasihiy” asarining yangi nashri xususida” mavzusida; O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filol.f.d., professor Ibrohim YO‘LDOSHEV “Temuriylar davri kitobat san’ati atamalari” mavzusida; O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, t.f.d. Ashraf AHMEDOV “Sohibqiron Amir Temurning reabilitatsiyasi” mavzusida; O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti professori, san’atshunoslik f.d. Oqilxon IBROHIMOV “Amir Temur va Temuriylar davri musiqa madaniyati” mavzusida; Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, t.f.d., professor Ubaydulla UVATOV “Ibn Arabshohning “Amir Temur tarixi” asarida ilm-fan va madaniyatga oid masalalar” mavzusida; O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad ALI “Sohibqiron Amir Temur – buyuk bunyodkor” mavzusida; arx.f.d., Mavlyuda YUSUPOVA “Arxitektura epoxi Temuridov po dannim “Baburnoma” mavzusida; Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori, filol.f.d. Qosimjon SODIQOV “Hibbat ul-haqoyiq”ning Temuriylar davrida Samarqandda ko‘chirilgan nusxasi xususida” mavzulari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Yalpi majlisdan so‘ng konferensiya o‘z ishini “Temuriylar davri yozma yodgorliklari: manbashunoslik va tarixshunoslik masalalari”, “Davlat va jamiyat boshqaruvi: arxitektura va bunyodkorlik ishlari; harbiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar” hamda “Temuriylar davri renessansi: ilm-fan va madaniyat, muzeyshunoslik muammolari” mavzularidagi sho‘’balarda davom ettirdi.



