Barcha yangiliklarga qaytish

Sohibqiron tavalludiga bag’ishlanadi! Saydi Ahmad Mirzoning mashhur dostoni

1391-1429-yillarda yashagan. Amir Temurning  jumard nabiralaridan biri.  Sharafiddin Ali uni Umarshayx Mirzo bahodurning farzandi, deb belgilasa, Xondamir Mironshoh Mirzoning  o‘g‘li, deb qayd etgan. Fikrimizcha, Sharafiddin Ali Yazdiyning  maʼlumoti aniqroqqa o‘xshaydi, aks holda u bu maʼlumotni o‘zining mashhur  “Zafarnoma” kitobiga kiritmagan bo‘lardi.

Saydi Ahmad Mirzoning onasi – Tug‘luqsulton jaloyir, deb qayd etilgan barcha manbalarda. 1404-yilning sentyabr oyida bobosi Amir Temur  Konigilda uning o‘ylanish to‘yiga boshchilik qilganligi ham tarixdan maʼlum. 

Fasih Havofiyning maʼlumotiga ko‘ra, 1407-yilda  Shohruh Mirzo unga Shibirg‘on viloyatini suyurg‘ol qilib bergan.

Alisher Navoiy   “Majolis un-nafois” asarida uni “salim tabb, zehnli kishi deb tilga olar ekan,  ham g‘azal, ham masnaviy, ham turkiy-o‘zbek, ham forsiy  g‘azal tavrida devoni borligini, masnaviy tarzida yozilgan “Latofatnoma” asari  mavjudligini yozgan. Lekin mazkur  doston shu kungacha topilgan emas.

Uning “Taashshuqnoma” dostoni esa hijriy 839-yilda yozilgan bo‘lib, 319 baytni tashkil etadi. Bizgacha to‘liq yetib kelgan. Bu doston  shaxsiy kutubxonamda  ham saqlanadi. Ajoyib asar. O‘qisangiz, bahri dilingiz ochiladi va juda ko‘p taassurotlar olasiz. Muallifning o‘zi  dostonning nomini, uni  qay tariqa va qachon yozganini aniq ko‘rsatgan. Biz imkoniyatdan foydalanib, mazkur dostonning kirish so‘zni  havola etamiz va undan o‘quvchilarimiz ko‘p narsani bilib oladilar.

TAASHSHUQNOMA

KITOB SABABI

Tushumda bir kecha ko‘rdum sahargoh, 

Ki Majnun birla bo‘ldum yo‘lda hamroh,

Menga dedikim: ey sho‘rida ahvol,
Chiqar boshdin takabbur qilma ehmol,

Qi oshiqlar maqomi karbalodur,
Kishikim bo‘ldi oshiq mubtalodur.

Chu sen ham mubtalo bo‘lmishsen oxir,
Jafodin gul bikin so‘lmishsen oxir.

Bu yo‘lda qo‘y saru somon adam bo‘l!
Agar vasl istasang sobit qadam bo‘l!

Taxayyul birla nazm et bir hikoyat,
Valineʼmat qoshinda qil rivoyat.

Hikoyatkim, “Taashshuqnoma” bo‘lg‘ay,
Ulug‘lar qoshida alloma bo‘lg‘ay.

To’lqin Hayit

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.