Barcha yangiliklarga qaytish

Temuriy Sulton Husayn Boyqaro Mirzo

Sulton Husayn Boyqaro Mirzodavrida Xurosonda iqtisodiy taraqqiyot, ilm-fan, sanʼat va boshqa sohalar yangi pog‘onaga ko‘tarildi va biz hozir foydalanayotgan til yuksak cho‘qqiga chiqdi. Alisher Navoiy buyuk “Xamsa”si o‘zbek tilining mavqeini mustahkamladi va bu tilning naqadar boy va serjilo ekanligini ko‘rsata bildi. Hukmdor millat va kelajak oldidagi masʼuliyatini angladi va shoirni qo‘llab-quvvatladi.

Faqat shu emas, u chin maʼnoda xalq g‘amxo‘ri ham edi. Olimlar, hunarmandlar, sanʼatkorlar va barcha isteʼdodli kishilarga munosib hukmdor edi, hatto oddiy xizmatchilarini ham asray bilar edi. Guvohlik berishlaricha, saroydagi bazmlardan birida qiziqarli suhbatga mahliyo bo‘lgan xizmatkor to‘satdan gilamga qoqilib ketadi va qo‘lidagi ovqat to‘la lagan Sulton Husayn Boyqaro Mirzoning etagiga tap etib tushadi. Albatta, bu juda xunuk ish edi. Ammo hukmdor o‘z xizmatkorini noqulay vaziyatdan qo‘tqarmasa, boshiga qanday musibatlar tushishini tez idrok etdi va temuriylarga xos fikrlash fazilati bilan:

– Qaranglar-a, taom bizga shunchalik muntazir bo‘lgan ekanki, xizmatkordan oldin o‘zi yetib keldi! – deya hazil qilib, hammani kuldirdi.

Mana, temuriy hukmdorning bitta ibrati, oddiy odamlarga, xalqqa bo‘lgan insoniy muhabbati, odilligi. Yomon deyish oson, ammo yaxshilikni ko‘ra bilish ham katta sanʼatki, bu sifatni hamma ham egallay olmaydi.

Sulton Husayn Boyqaro Mirzo savdo-sotiq, bunyodkorlik, hunarmandchilik, musiqa sanʼatini yana-da rivojlantirishga, taraqqiy ettirishga hissa qo‘shdi, ayniqsa, uning davrida tibbiyot ilmida ham bir qator yangiliklar kashf etildi. Masalan, Husayn ismli jarroh ichakni kesib ulashda cho‘molilardan foydalangan edi.

Xullas, Sulton Husayn Boyqaro Mirzoning hayot faoliyatini o‘rganishda o‘zimizning tarixiy adolat asosida fikr yuritishimiz muhimdir.

To‘lqin Hayit

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.