Barcha yangiliklarga qaytish

Habibullayev Nozim Nasibullayevich – manbashunos, muzeyshunos olim, tarix fanlari nomzodi, dotsent.

U 1951 yil 7 iyunda Toshkentda tug‘ilgan. 1968-1973 yillarda Toshkent davlat universiteti sharq fakultetining arab bo‘limida taʼlim oldi.  Universitetni tugallagach bir yil davomida O‘zbekiston Telegraf Agentligida muxbir bo‘lib ishladi.  1974 yilda O‘zR FA Tarix institutining qadimgi va o‘rta asr tarixi bo‘limiga kichik ilmiy xodim bo‘lib ishga o‘tdi. 1988 yilda institutning ilmiy kengashida “Bumajnoye proizvodstvo v Sredney Azii” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1989 yilda Tarix institutining qadimgi va o‘rta asr tarixi bo‘limiga mudir etib tayinlandi. 1996-2014 yillarda O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori lavozimida 18 yil davomida faoliyat olib bordi. U bevosita muzey tashkil etilishining asoschilaridan biri bo‘lib, muzey fondining boyishida, yangi ko‘rgazmalar, ilmiy loyihalar, mahalliy va xalqaro miqiyosda tashkil etilgan konferensiyalarning tashkilotchisi sifatida muhim ishlarni amalga oshirdi. Xususan, uning rahbarligida ilk bora xorijning 13 dan ortiq yirik muzeylari hamda 10 dan ortiq shaxsiy kolleksiyalarida saqlanayotgan temuriylarga oid ashyolar tadqiq etilib, ular asosida yangi ko‘rgazmalar tashkil qilindi va muzey fondi yangi eksponatlar, fotosuratlar  bilan boyidi. Shu bilan birga N.N.Habibullayev temuriylar davri sanʼati va madaniyatini targ‘ib etishga doir xalqaro anjumanlarning muzeyda ilk bor tashkil etilishida ilmiy koordinator sifatida ham faoliyat olib bordi.

Olim o‘z faoliyatida  qator xorijiy davlatlarda ilmiy safarlarda bo‘lib, xalqaro konferensiyalar va simpoziumlarda o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etdi. Shu bilan birga N.N.Habibullayev  Koreya, Yaponiya, Xitoy olimlari bilan hamkorlikda ishlanayotgan, Samarqand qog‘ozini yaratish va uni targ‘ib etishga bag‘ishlangan xalqaro loyihada ishtirok etdi.

Olimning 1992 yilda nashr etilgan “O‘rta Osiyoda qog‘oz ishlab chiqarish tarixi” nomli monografiyasida o‘rta asrlarda O‘rta Osiyodagi tarixiy sharoitda hunarmandchilikning yetakchi tarmoqlari va qog‘oz ishlab chiqarishning markazlari, Samarqand va Qo‘qon shaharlarida qog‘oz ishlab chiqarishning muhim vazifalari o‘rganilib, tadqiq etilgan. Shuningdek,  olimning 2008 yilda chop etilgan “Iz istorii pismennosti i rukopisnoy knigi narodov Uzbekistana» monografiyasida qo‘lyozmalarning umuminsoniyat va umumislom sivilizatsiyasida qo‘shgan hissasi, O‘zbekiston xalqlarining qadimgi yozuv tarixi, xattotlikning rivojlanishi va tarixi, Markaziy Osiyoda qog‘oz ishlab chiqaradigan yirik markazlar hamda ularning yaratilish texnologiyasiga doir  ko‘plab yangi ilmiy maʼlumotlar o‘z aksini topdi.

2019 yilda N.Habibullayev masʼulligida “O‘zbekiston tarixi xrestomatiyasining IV jildi  qayta nashrga tayyorlandi.

O‘zbekiston madaniyati tarixini asrash, tadqiq va targ‘ib etish bilan bog‘liq masalalar bevosita uning rahbarligida olib borilgan qator fundamental loyihalarda,  ko‘rgazmalarda va 100 dan ortiq ilmiy nashrlarda o‘z ifodasini topdi. 

Olim 100 ga yaqin  ilmiy maqolalar, 3 ta  monografiya,  100 ortiq ilmiy-ommabop maqolalar muallifi. Uning rahbarligida 1 ta fan doktori va 3 fan nomzodi tayyorlangan. 

U  O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash  va targ‘ib qilish bo‘yicha butunjahon jamiyati kengashi aʼzosi sifatida ham faoliyat yuritdi.  Isteʼdodli olim,  ilg‘or tashkilotchilik va yuksak insoniy fazilatlari bilan respublika hamda xorijiy  olimlar hurmatini qozondi.

Uning xizmatlari davlatimiz tomnidan ham yuksak baholanib,  “Shuhrat” medali (1996 y), “Mehnat shuhrati” ordeni (2001 y.), “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 25 yil” esdalik ko‘krak nishoni (2016 yil) bilan taqdirlangan.

O‘zR Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi jamoasi tarix fanlari nomzodi, dotsent Habibullayev Nozim Nasibullayevichning bevaqt vafoti munosabati bilan uning oila aʼzolariga chuqur taʼziyasini izhor etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.