Amir Temur — o‘zligimizni anglash, milliy anʼana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulug‘vor ishlarda xalqimizga maʼnaviy kuch bag‘ishlab kelayotgan ulug‘ siymolardan biridir.
Buyuk sarkarda, yirik davlat arbobi, ilm-fan va madaniyat homiysi bo‘lgan Amir Temur tavalludining 685 yilligi arafasida Temuriylar tarixi davlat muzeyida qator tadbirlar, ilmiy-maʼrifiy anjumanlar o‘tkazilishi davom etmoqda. 7 aprel kuni Sohibqiron tavallud kuniiga bag‘ishlab O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi “Maʼnaviyat va Maʼrifat” markazi, “Turon” davlat harbiy teatri, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Xalqaro Amir Temur hayriya jamoat fondi hamkorligida “Barkamol avlod tarbiyasida Sohibqiron Amir Temur o‘gitlarining ahamiyati” nomli ilmiy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori t.f.n., Fayziyev Xurshid Turg‘unovich, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi, polkovnik Yusupov Shuxrat Nabiyevich va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi boshlig‘i, polkovnik Dadajonov Valijon Ergashevichlarning tabrik so‘zlari bilan ochib berildi. Tadbirda Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimlari Phd. Dilmurod Normurodovning “Shohruxiya – Amir Temurning harbiy istehkomi” va Farrux Avazovning “Sohibqiron Amir Temur harbiy mahorati tarixidan” mavzuidagi maʼruzalari tinglandi. Tadbir davomida Mudofa Vazirligi maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi “Turon” davlat harbiy teatri aktyorlari tomonidan dramaturg Shaxodat Isaxonovaning “Bibixonim” spektaklidan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan tayyorlangan kuy va qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyatni baxsh etdi. Tadbir so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi tomonidan Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori X.T.Fayziyevga “Tashakkurnoma” taqdim etildi.






