Temurshunos olimlarimizning o‘chmas xotirasiga bag‘ishlanadi!
Alixonto‘ra Sog‘uniy
1885-1976
Alixonto‘ra Shokirxonto‘ra o‘g‘li Sog‘uniy Turkistonning atoqli olimi va adibi, ulkan davlat arbobi va sarkardasi, Sharqiy Turkiston islom jumhuriyatining birinchi prezidenti va marshali. 1885 yili Sharqiy Turkiston o‘lkasining To‘qmoq shahrida tug‘ilgan (Adabiy taxallusi Balasog‘un bilan bog‘liq). Tafsir, hadis, fiqh ilmlari bilimdoni, maʼrifatparvar temurshunos olim. Umrining katta qismini Sharqiy Turkistonda milliy-ozodlik harakatini boshqarish ishiga sarfladi, Turkiston qayg‘usi va millat dardi bilan yashadi. “Temur tuzuklari”ning fors tilidan hozirgi o‘zbek tiliga dastlabki tarjimasini amalga oshirgan bo‘lib, mazkur kitob ko‘plab nusxalarda qayta-qayta chop bo‘lgan. Bundan tashqari uning payg‘ambarimiz siyratlariga bag‘ishlangan “Tarixi Muhammadiy” asari sovetlar zulmidan xalos bo‘lgan xalqimizga Islomni tanitgan ilk kitob bo‘ldi. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” xotiralar kitobi, sheʼr va dostonlari, tabobatga oid “Shifo ul-ilal” asarlari ham chop etilgan. U Ahmad Donishning “Nodir voqealar”, Herman Vamberining “Movarounnahr yoki Buxoro tarixi” va boshqa asarlarni ham o‘zbek tiliga o‘girgan. Alixonto‘ra Sog‘uniy 1976 yil 29 fevralda Toshkentda vafot etgan.



