Temurshunos olimlarimizning o‘chmas xotirasiga bag‘ishlanadi!
HABIBULLAYEV NOZIM NASIBULLAYEVICH
(1951–2020)
Habibullayev Nozim Nasibullayevich – manbashunos, muzeyshunos olim, tarix fanlari nomzodi, dotsent. “Shuhrat” medali (1996), “Mehnat shuhrati” ordeni (2001), “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 25 yil” esdalik ko‘krak nishoni (2016) sohibi. Toshkent davlat universiteti sharq fakultetining arab bo‘limi tamomlagan (1968-1973). O‘zbekiston Telegraf Agentligida muxbir (1973). O‘zR FA Tarix institutida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan (1974–1988). Mazkur institutning ilmiy kengashida “Bumajnoye proizvodstvo v Sredney Azii” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan (1988). O‘zR FA Tarix institutining qadimgi va o‘rta asr tarixi bo‘limiga mudiri (1989). O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori (1996-2014). Xalqaro Amir Temur hayriya jamoat fondi raisi (2013–2018). N.Habibullayev muzey tashkil etilishining bevosita ishtirokchisi, muzey fondining boyishida, yangi ko‘rgazmalar, ilmiy loyihalar, mahalliy va xalqaro miqiyosda tashkil etilgan konferensiyalarning tashkilotchisi sifatida muhim ishlarni amalga oshirgan. Xususan, uning rahbarligida ilk bora xorijning 13 dan ortiq yirik muzeylari hamda 10 dan ortiq shaxsiy kolleksiyalarida saqlanayotgan temuriylarga oid ashyolar tadqiq etilib, ular asosida yangi ko‘rgazmalar tashkil qilindi va muzey fondi yangi eksponatlar, fotosuratlar bilan boyidi. Koreya, Yaponiya, Xitoy olimlari bilan hamkorlikda Samarqand qog‘ozini yaratish va uni targ‘ib etishga bag‘ishlangan turli xalqaro loyihalarda ishtirok etgan. N.N.Habibullayev 100 ga yaqin ilmiy maqolalar, 3 ta monografiya, 100 ortiq ilmiy-ommabop maqolalar muallifi. Uning “O‘rta Osiyoda qog‘oz ishlab chiqarish tarixi” (1992) nomli monografiyasida o‘rta asrlarda O‘rta Osiyodagi tarixiy sharoitda hunarmandchilikning yetakchi tarmoqlari va qog‘oz ishlab chiqarishning markazlari, Samarqand va Qo‘qon shaharlarida qog‘oz ishlab chiqarishning muhim vazifalari o‘rganilib, tadqiq etilgan. Shuningdek, uning “Iz istorii pismennosti i rukopisnoy knigi narodov Uzbekistana» (2008) monografiyasida qo‘lyozmalarning umuminsoniyat va umumislom sivilizatsiyasida qo‘shgan hissasi, O‘zbekiston xalqlarining qadimgi yozuv tarixi, xattotlikning rivojlanishi va tarixi, Markaziy Osiyoda qog‘oz ishlab chiqaradigan yirik markazlar hamda ularning yaratilish texnologiyasiga doir ko‘plab yangi ilmiy maʼlumotlar o‘z aksini topgan.



