O‘zRFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi Xalqaro Amir Temur hayriya jamoat fondi bilan hamkorlikda “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan, qolaversa, yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va xayr-sahovat muhitini yana-da mustahkamlash, yosh avlodni milliy anʼanalarimizga sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish hamda bu muqaddas ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida “Faxriylarni qadrlaylik” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlarni o‘tkazmoqda. Hususan, muzeyimiz internet sahifasi hamda telegramm ijtimoiy tarmoqlarida “XOTIRA – MUQADDAS!” rukni ostida temurshunos olimlarimizning o‘chmas xotirasiga bag‘ishlangan turkum lavhalar berib borilmoqda. Shuningdek, hozirda Amir Temur va Temuriylar davri tarixini tadqiq etishda davom etayotgan, yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda hamda maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ko‘p yillik samarali mehnati uchun O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, t.f.d., prof. O‘zR FA akademigi Dilorom Yusupova, t.f.d, prof. Abdumajid Madraimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi To‘lqin Hayit, filol.f.n., dos. Adhambek Alimbekov, t.f.d. Omonullo Bo‘riyevlarga Xalqaro Amir Temur hayriya jamot fondining Namangan va Samarqand viloyati muassasasi tomonidan taʼsis etilgan ko‘krak nishonlari va muzeyning esdalik sovg‘alar topshirildi. O‘zRFA Temuriylar tarixi davlat muzeyida uzoq yillar davomida faoliyat yuritgan, hozirda nafaqada bo‘lgan temurshunos olim t.f.n. O‘tkir Alimov xonadoniga tashrif buyurib, u kishiga ham Xalqaro Amir Temur hayriya jamot fondining Namangan va Samarqand viloyati muassasasi tomonidan taʼsis etilgan ko‘krak nishoni va muzeyning esdalik sovg‘asi topshirildi. “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan bu kabi eʼtibor va g‘amxo‘rlik, yoshlarning hurmat va ehtiromi mamlakatimizda inson manfaati, uning shaʼni va qadr-qimmati hamma narsadan ustun ekanini yana bir karra namoyon etmoqda. “Faxriylarni qadrlaylik” shiori ostidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar davom etmoqda.







