O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Turizm va sport vazirligi, O‘zRFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Tarix instituti, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Xalqaro Amir Temur hayriya jamoat fondi, Oliy va o‘rta mahsus taʼlim vazirligi, “Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi, “Maʼrifat” targ‘ibotchilar jamiyati Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bag‘ishlab 2021 yil 28 – 30 sentyabr kunlari “Amir Temur – dunyo olimlari va adiblari nigohida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazmoqda. Tashkil etilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman Toshkent (28 sentyar), Shahrisabz (29 sentyar) va Samarqand (30 sentyar) shaharlarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan joriy yilning 28 sentyabr kuni xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini Toshkent shahrida boshladi. Anjuman ishtirokchilari va xorijiy mehmonlar dastlab poytaxtimizdagi Amir Temur haykali poyiga gul qo‘yish marosimida ishtirok etdilar. Shundan so‘ng mehmonlar O‘zRFA Temuriylar tarixi davlat muzeyida kutib olindi. Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari M.M. Xojimatov va Xalqaro Amir Temur hayriya jamoat fondi raisi Muhammad Ali so‘zga chiqdilar. Amir Temur va temuriylar davri zaminimizdagi Ikkinchi Renessans davri sifatida eʼtirof etilib, bugungi kunda bu davr butun dunyo olimlari nigohida ekanligi xususida to‘htalib o‘tdilar. Mehmonlar Amir Temur va Temuriylar davri tarixi, madaniyati va sanʼatini o‘zida aks ettirgan ekspozitsiya va noyob eksponatlar bilan tanishdilar. Ayniqsa Amir Temur tavalludining 685 yilligi va mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Mustaqillik yillarida Amir Temur va temuriylar davri tarixiga oid nashr etilgan kitoblar” va “Temuriylar tarixi davlat muzeyi numizmatika kolleksiyasi” nomli ko‘rgazmalar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.







