Barcha yangiliklarga qaytish

«Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati» Respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari 11-kitob nashr etildi

Amir Temur tomonidan markazlashgan davlat tuzilishi mintaqada ijtimoiy-siyosiy va madaniy jarayonlarni rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Zero, Amir Temur mamlakatni rivojlantirishda ilmu fanning ahamiyati beqiyos ekanligini yaxshi tushungan hukmdor bo‘lib, olimlarga ehtirom bilan qaragan. Darhaqiqat, XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrlarda Markaziy Osiyoda ilm-fan va madaniyatning gurkirab rivojlanishi Amir Temur va Temuriylar nomi va faoliyati bilan uzviy bog‘liqdir. O‘sha davrda mintaqada ilmiy va adabiy faoliyat uchun qulay sharoit yaratilgani tufayli ko‘plab olimlar bu yerda xotirjam yashab, barakali ijod qildilar.

Amir Temur tomonidan ilm-fan va madaniyat namoyondalariga xomiylik qilish an’anasi keyinchalik uning avlodlari davrida ham davom ettirildi. Bu esa o‘sha vaqtda mamlakatning har tomonlama rivojlanishida, dunyo tamaddunida o‘ziga xos bir davr bo‘lib, tarix saxifasiga kirishida alohida ahamiyat kasb etdi.

Ko‘pchilik e’tiboriga havola etilayotgan ushbu to‘plamda 2019 yil 18 oktabrda Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati» mavzuida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 13 fevraldagi 126-f-son farmoyishiga muvofiq o‘tkazilgan Respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari o‘rin olgan.

Mazkur to‘plamdagi maqolalar mazmun jihatdan 5 qismga ajratilgan: 1. Temuriylar davri yozma yodgorliklari: manbashunoslik va tarixshunoslik masalalari; 2. Davlat va jamiyat boshqaruvi: harbiy siyosat, xalqaro munosabatlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar; 3. Arxitektura va bunyodkorlik ishlari; 4. Temuriylar davri renessansi: ilm-fan va madaniyat, muzeyshunoslik muammolari; 5. Temuriylar davri tarixining umumiy masalalari.

 Birinchi qism – manbashunoslik va tarixshunoslik (Sodiqov Q., Bo‘riyev O., Omonov Q., Azizov S., Djurayev H., Xayrulloyev S., Shamukaramova F., Qorayev Sh., Radjabova D.), xorijiy tadqiqotlari (Usmonov M.), hamda yangi nashrlarning tahliliga (Yusupova D.) hamda arxiv hujjatlarida Amir Temur xastaligiga oid ma’lumotlarga (Adilov J.) bag‘ishlangan maqolalar; Ikkinchi qism – davlatchilikka oid (Madiyev F.), iqtisodiy masalalar (Sharipov A., Anyozov R.), siyosiy va xalqaro masalalar (Usmonov B., Hayitov Sh., Djabborov R., Latipov J.L.), hamda harbiy san’at (Muhammad Ali, Dadaboyev H., Rahmatullayeva O., Sharipov A., Kobzeva O.P.) bag‘ishlangan maqolalar; Uchinchi qism – me’morchilik taraqqiyoti (Yusupova M., Gilmanova N.), bog‘chilik san’ati va obodonchilik ishlari (Xushvaqov N., Mamadiyev B., Uljabayeva S., Turayeva N.) hamda madaniy yodgorliklarni tadqiqiga (Smadiyarov S.A. , To‘xboyeva N., Murodova D., Raupova A., Abdulahatov N.) oid maqolalar; To‘rtinchi qism – ilm-fan taraqqiyoti (Fayziyev X.T., Bo‘riyev Ochil, Usmonov M., Turayeva S.), musiqa san’ati (Ibrohimov O., Oripov Z., Turg‘unova N.); tibbiyot (Ochilova O.), adabiyot (Avaznazarov O., Palvanov O‘.), tasviriy (Madraimov A.) va amaliy san’at rivoji (Xolova N.) hamda bag‘ishlangan maqolalar; Beshinchi qism – Temuriylar davri tarixining umumiy masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, mazkur bo‘limda ma’naviyat (To‘lqin Hayit, Axmedova M.T., Rahmatullayeva O.) hamda muzeyshunoslik masalalariga oid (Qudratova S., Xolova N.) maqolalar o‘rin olgan.

To‘plamga kiritilgan maqolalar tegishli sho‘’balar yo‘nalishiga mos ravishda joylashtirilgan va mualliflar taqdim etgan tilda – o‘zbek yoki rus tilida berilgan, ularga ingliz tilida qisqa sharhlar yozilgan. Mazkur to‘plamni tayyorlashda O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi xodimlari A.Sharipov (maqolalarni to‘plash, kompyuterga kiritish va tizimlash), Sh.Ikromxodjayeva (maqolalarni kompyuterga kiritish), F.Rahimov (qisqa sharhlarni ingliz tiliga o‘girish) qatnashdilar.

O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyida tayyorlanib kitobxonlar hukmiga havola etilayotgan “Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati” nomli ushbu to‘plam, o‘z tarkibidagi yangi izlanishlar natijasida yozilgan sermazmun maqolalar bilan mazkur davr tarixini boyitishi shubhasizdir. Ushbu kitob temuriylar davri tarixi bilan qiziquvchi keng doiradagi o‘quvchilar e’tiborini tortadi, degan umiddamiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.