Barcha yangiliklarga qaytish

“TEMURIYLAR DAVRI DURDONALARI” NOMLI KO‘RGAZMA OCHILDI

«Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi, “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi renessans asosi” madaniy tadbirlari doirasida “Temuriylar davri durdonalari” nomli ko‘rgazma ochildi.

 Amir Temur va Temuriylar davri jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘rin egallaydi. Temuriylar davri ma’naviy va moddiy merosi – dunyo madaniyatining yorqin sahifalaridan biriga aylandi. Bu davrdailm-fan, me’morchilik, tasviriy san’at, adabiyot, she’riyat, musiqa san’ati yuksak rivojlandi va  o‘z navbatida “Temuriylar Renessansi” deb atalishiga sabab bo‘ldi. Amir Temur o‘z avlodlariga nafaqat katta saltanatni, ayni vaqda yaxshi ananalarni ham meros qoldirdi. Barcha Temuriylar Amir Temurning obodonchilik, mamlakatni adolat bilan boshqarish, madaniyat, sanat, ilm-fan sohalaridagi ishlarini davom ettirdilar.

Temuriylar tarixi davlat muzeyida tashkil etilgan “Temuriylar davri durdonalari” nomli ko‘rgazmada mazkur davrni o‘zida aks ettirgan noyob eksponatlar jamlandi. Ushbu ko‘rgazmada muzey xazinasida saqlanayotgan noyob ashyolar bilan bir qatorda yurtimizdagi bir qator muzeylar, jumladan, Qashqadaryo viloyati “Shahrisabz” davlat muzey-qo‘riqxonasi, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi, Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi, Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi hamda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hazinalarida saqlanayotgan Temuriylar davri durdonalari ilk marotaba bir yerga to‘planib, xalqimizga namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazmada  Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar homiyligida mamlakatda me’morlik va shaharsozlik g‘oyat rivojlanganligidan dalolat beruvchi me’moriy qoplamalar namunalari, Movarounnahr hunarmandchiligining taraqqiy etgan sohalaridan bo‘lgan kulolchilik, kandakorlik namunalari, o‘zbek yozuv madaniyati va kitobat san’ati tarixining oltin davri bo‘lgan Temuriylar davridan bugungi kungacha saqlanib qolgan nodir qo‘lyozmalar, hozirgi kunga qadar yetib kelgan diplomatik yozishmalar  hamda vaqf hujjatlari namunalari, Amir Temur va Temuriylar davlati iqtisodiy rivojlanishi, pul-moliya siyosati taraqqiyoti haqida guvohlik beruvchi mis, kumush tangalar,  shuningdek,  buyuk bobomiz va ning avlodlari davri harbiy san’atini aks ettiruvchi  qurol-aslahalar o‘rin oldi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.