Barcha yangiliklarga qaytish

18-OKTABR – TEMURIYLAR TARIXI DAVLAT MUZEYI TASHKIL TOPGAN KUN

XIV – XV asrlarda Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida ayniqsa, qadimiy Turonda ilm-fan,  san’at va madaniyatning barcha sohalari  ravnaq topishi bevosita Amir Temur shaxsi va  uning faoliyati bilan uzviy bog‘liqdir. Chunki, Sohibqiron Amir Temur  o‘z davrida  qudratli saltanat barpo etib, milliy madaniyatning yuksalishi  hamda o‘tgan davr an’analarining yangi tarixiy vaziyatda qayta tiklanishi uchun barcha  shart-sharoitlarni yaratib bergan. U adolatli amir, ilm-fanga homiy hukmdor, mohir sarkarda bo‘lishi bilan birgalikda, murakkab davrda mustaqil, markazlashgan davlat qura olgan buyuk bunyodkor shaxs hamdir. Amir Temur va Temuriylar davrida Vatanimiz tarixi,  insoniyat tamadduni moddiy va ma’naviy madaniyati sahifasida ilm-fan, me’morchilik, tasviriy san’at, musiqa, adabiyot, she’riyat yuksak darajada taraqqiy etdi. Bu esa o‘z navbatida “Temuriylar Renessansi” deb atalishiga sabab bo‘ldi. Amir Temur o‘z avlodlariga nafaqat katta saltanatni, ayni vaqtda yaxshi ananalarni ham meros qoldirdi. Barcha Temuriylar Amir Temurning obodonchilik, mamlakatni adolat bilan boshqarish, madaniyat, sanat, ilm-fan sohalaridagi ishlarini davom ettirdilar.

 Dunyoda bugun Amir Temur va Temuriylar merosini o‘rganish bo‘yicha G‘arb va Sharq tillarida mingdan ortiq kitoblar, dissertatsiyalar, monografiyalar, ilmiy maqolalar nashr etilgan va bu davrni o‘rganish bo‘yicha ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yilligi hamda O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil topganligining 27 yilligi munosabati bilan joriy yilning 18 oktabrida “Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanni O‘zR Fanlar akademiyasi ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘limi rahbari t.f.d., prof. NA.Mustafayeva va muzey direktori, t.f.n X.T.Fayziev kirish so‘zi bilan ochib berdilar. O‘zbekistonning taniqli temurshunos olimlarining Amir Temur va Temuriylar davri tarixining bugungi kundagi dolzarb mavzulari bag‘ishlangan ilmiy maruzalari tinglandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 maydagi “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-261-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi Rassomlik va dizayn instituti miniatyura yo‘nalishi magisratura bosqichi talabalarining “Miniatyura san’ati” bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi.

V.Uspenskiy nomidagi ixtisoslashtirilgan  musiqa maktabining Ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari To‘rabek Egamov boshchiligidagi iqtidorli yoshlari musiqiy dasturlari bilan qatnashib, tomoshabinlarni xushnud qildilar.

Tadbir ishtirokchilari muzey ekspozisiyasi va ko‘rgazmalari bilan ham yaqindan tanishdilar.

Kun davomida muzeyda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi va tomoshabinlarga muzey ekspozisiya zallari bo‘ylab sayohatlar uyushtirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.