Barcha yangiliklarga qaytish

Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy elektron platforma yaratildi

28-fevral kuni Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan hamkorlikda “Xalqaro boburshunoslik ilmiy platformasi” taqdimoti yuzasidan “Matbuot anjumani” boʻlib oʻtdi.

Platforma taniqli boburshunos olim Abdumajid Madraimov boshchiligida Bobur nomli xalqaro jamoat fondi va Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamkorligida Andijon viloyat hokimligining homiylik mablag‘lari asosida yaratilgan. Sayt uchun xarid qilingan internet maydoni hajmi 20 mingdan ziyod kitob, maqola kabi fayllar yuklamasini mujassamlashga qodir.

Mualliflarga ko‘ra,  platforma bosh sahifasiga tanlangan kontent va ma’lumotlar maktab yoshidagi bolalardan tortib katta yoshli auditoriyani ham o‘ziga jalb qilishi nazarda tutilib, boburiylar davriga oid sara miniaturalar, asarlardan iqtiboslar hamda “O‘zbekkino” ijodkori, rejissyor Bobur Sher o‘g‘li tomonidan suratga olingan “Zahiriddin Muhammad Bobur” hujjatli tarixiy dramasidagi kerakli videolavhalar ajratib olingan va mavzulashtirilgan holda joylashtirib chiqilgan.

“Sayt uchun shuningdek, Boburning badiiy obrazining yangi talqinini ijro etgan yosh aktyor Ilhom Berdiev va xalqimiz tomonidan uzoq yillar davomida suyub qabul qilingan, O‘zbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov ijrosidagi suratlardan ham unumli foydalanildi.

Platformaning “Virtual sayohat” bo‘limida “Bobur va jahon madaniyati muzeyi”, “Bog‘i Bobur istirohat bog‘i”, “Boburning ramziy qabri”, “Bobur xalqaro jamoat fondi”, “Andijon shaharsozlik madaniyati” muzeylariga sayohat qilish imkoniyati yaratildi.

Platformaning “Buyuk boburiylar sulolasi, davlat xaritasi va madaniyati” (shajara) deb nomlanuvchi bo‘limida Zahiriddin Muhammad Boburning Temuriylarga tutashgan ota tomonidan shajarasi joylashtirildi, shuningdek, ushbu sahifaga Zahiriddin Muhammad Boburning davlat xaritasi, uning jangovar qo‘shinining tarkibi, Ibrohim Lodiy bilan bo‘lib o‘tgan jangning chizma ko‘rinishlari kiritilgan.

Kutubxona deb nomlanuvchi bo‘lim platformaning yadrosini tashkil etib, uning tarkibiy qismlari Boburning ijodiy merosi, Qo‘lyozmalar,Konferensiya to‘plamlari, Miniatyuralar, Ilmiy nashrlar, “Bobur va dunyo” jurnali, Media, Boburshunoslik kabi yo‘nalishlardan tashkil topgan”, – dedi platforma ijodiy jamoasi a’zosi, Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Elmira Hazratqulova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, platformaning Boburning ijodiy merosi yo‘nalishida muallifning devonidagi g‘azal, ruboiy, tuyuq, mustahzod, qit’a kabi she’riy janrlarining ham mumtoz alifbosi ham joriy lotin alifbosi shakllari yonma yon joylashtirib chiqilgan.

“Bu bilan xorijlik tadqiqotchilarning asl matnning o‘zi bilan virtual holatda tanishish imkoniyatlari kengaytirildi. Kelgusida loyiha davomida Boburning “Boburnoma” asaridan yirik shaharlar vasfiga oid ma’lumotlar har ikki alifboda berilishi nazarda tutilgan.

Qo‘lyozma manbalar qismida sohaga doir qo‘lyozma asarlarning ayrim namunalari joylashtirib boriladi va tadqiqotchilarga foydalanish uchun qulayliklar yaratiladi”, – dedi olima.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.