Fil kо‘rinishidagi yashil nefritdan yasalgan muxr
О‘lchamlari: Balandligi 7.9 sm, Asosi (postament) 3.6 x 3.6 sm.
Vatanimiz tarixiga tegishli ushbu nodir buyum Londonning Kensington tumani Kromvell–plas maydonida joylashgan 1986 yilda Oliver Xor (1945–2018) tomonidan tashkil etilgan shaxsiy gallereyada saqlanadi (Oliver Hoare Ltd, The Lavery Room, 5 Cromwell Place Kensington, London. http://oliverhoareltd.com).
Muхrning ostki qismida tо‘g‘ri tо‘rtburchak kо‘rinishida arab yozivining kufiy xatida “Shohrux Bahodur” sо‘zlari tushirilgan. Shohrux mirzoga tegishli bir qancha bitiklar bizgacha yetib kelgan va undagi hukmdorga tegishli muхrlarning shakli, asosan, aylanasimon (dumaloq) kо‘rinishda edi. Demak, ushbu ashyo orqali Shohruh mirzoning tо‘rtburchak shaklidagi muхri ham bо‘lganligi endilikda ma’lum. Bunday muxrni “ol tamg‘a” (qizil muхr) sifatida hukmdor о‘zining qaysi turdagi farmonlariga bostirganligi, ushbu muхr tushirilgan hujjatlarni aniqlash, izlab topish bugungi tarixchi-tadqiqotchilarimiz uchun yangi izlanish mavzusidir.
Ma’lumot о‘rnida aytish mumkinki, Shohrux mirzoning ushbu muхri haqidagi xabar gallereya tomonidan ta’sis etilgan “Osiyo san’ati” (Arts of Asia) jurnalining 2018 yil iyul–avgust sonida e’lon qilingan.
Oliver Xor gallereyasi о‘z tarixi davomida yetakchi muassasalar, metsenatlar va shaxsiy kolleksiyalarida saqlanayotgan osori-atiqalarni yig‘ish, tо‘plash va san’at asarlarini dunyoning kо‘plab yirik muzeylariga (jumladan: Viktoriya va Albert muzeyi, Britaniya muzeyi, Luvr, Abu Dabi Islom san’ati muzeyi; Tasviriy san’at muzeyi(Xyuston), Devid kolleksiyasi (Kopengagen), Metropoliten san’at muzeyi (Nyu-York), As-Saboh kolleksiyasi, Quvayt milliy muzeyi va h.k) sotish va targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi.
Xо‘sh Oliver Xor kim?
Galereya ta’sischisi islom san’ati olamidagi eng nufuzli diler – qimmatli qog‘oz va buyumlar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi ingliz tadbirkori Oliver Xor (1945–2018) hisoblanadi.
Oliver Xorning qadimgi buyumlar savdosiga qiziqishi uning hayotidagi qiziq va tavakkalchilikka asoslangan voqea bilan bog‘liq. Gap shundaki, 1967 yilda eski bir muassasaning yо‘lagida yotgan bir qancha gilamlarni kо‘rib, ulardan birini kim oshdi savdosiga olibborib sotuvga qо‘yadi. Mutahasislar ushbu gilamni haqiqatdan ham tarixiy qiymatiga uning Fors madaniyatining noyob durdona namunasi ekanligini e’tirof qilishadi. Gilam yuqori narxlarda sotiladi. Natijada Oliver Xor muvaffaqiyatli sotuvdan ilxomlanib oxir oqibat qadimgi buyumlar sovdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik auksion uyiga asos soladi.
Oliver 1975 yilgacha Kristi kabi taniqdi sovdo kampaniyalarida ishlab bu borada katta tajribaga ega bо‘ladi. Islom san’atiga bо‘lgan qiziqishi va bu boradagi sayi-harakatlari Oliverning arab mamlakatlarida ham tanilishiga olib keladi.
Xususiy diler sifatida Yaqin Sharq, shuningdek, Yevropa, AQSH va Yaponiyadagi aksar muzeylar va islom san’ati kolleksionerlari bilan yaqindan aloqa о‘rnatadi va bir qancha yirik savdolarni amalga oshiradi. Jumladan, 1970 va 1980-yillarda Quvayt milliy muzeyi uchun shayx Nosir Saboh al-Ahmad va uning rafiqasi Sheyxa Hussa Saboh as-Salom as-Saboh, shuningdek Bayrutdagi Nuhad as-Said shaxsiy kolleksiyasini yaratishda xizmat qiladi.
1990-yillarda u Qatar uchun muzey qurish va kolleksiya tо‘plash ustida о‘n yildan ortiq vaqt davomida ishlaydi. О‘z davrining eng yirik kolleksioneri Qatar shayxi Saud bin Muhammad At-Taniyning shaxsiy maslahatchisi sifatida ishlay boshladi. Qatar muzeyi bu davrda islom san’ati uchun 1 milliard dollardan ziyod mablag‘ sarflaydi.
1994 yilda Oliver Xor temuriylar davri (XIV–XVI asrlar)ga mansub bir qancha qо‘lyozmalarni Eronga qaytarish borasida muzokaralar olib bordi. Natijada Temuriylar davrida kо‘chirilgan Firdavsiy “Shohnoma”sining nodir nusxalari о‘z vataniga qaytariladi.
Oliver kо‘plab mamlakatlarda о‘z kо‘rgazmasini namoyish etgan, ular orasida Baqtriya xazinasiga oid Markaziy Osiyoga tegishli osori atiqalar ham mavjud.
Oliver Xor 2018 yil 23 avgustda saraton kasalligidan vafot etadi.
Azizjon SHARIPOV
О‘zRFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi
“Ma’naviyat va ma’rifat” bо‘limi boshlig‘i