Bugun Temuriylar tarixi davalt muzeyida “Akvarelka” bolalar rassomlik to‘garagi bilan hamkorlikda 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Tarixiy obidalar bolalar nigohida” kо‘rgazmasi ochildi.
Tasviriy san’at – real voqelik va tassavvur olamini bо‘yoqlar orqali rassom tomonidan qog‘ozga tushirilishidir. Ijodkor turli yoshda tajriba va imkoniyatdan kelib chiqib ularni о‘ziga xos tasvirlaydi. Ayniqsa, bolalar ijodi о‘zining yorqinligi va beg‘uborligi bilan ajralib turadi.
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyida tashkil etilgan “Tarixiy obidalar bolalar nigohida” kо‘rgazmasida iqtidorli yosh rassom bolalarning ijod namunalari о‘rin olgan. Ko‘rgazma Toshkent shahrida 2023-yil 2-fefraldan buyon о‘z faoliyatini olib borayotgan bolalar “Akvarelka” akademik rasm va tasviriy san’at tо‘garagi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Ushbu to‘garakning asosiy maqsadi dastlabki chizgilardan boshlab bolalarda rasm chizishga professional yondashuvni shakllantirishdir. Birinchi darslardan boshlab rangni idrok etish, borliqdagi predmetlarni aniq tasvirlashga qaratilgan tо‘garakda bolalar natyurmortlar, landshaftlar, hayvonlar, odamlar va obidalarni tasvirlashadi. Tо‘garak dasturining eng muhim qismi O’zbekiston bo’ylab badiiy sayohatlardir. Bolalar boy tarixga ega shaharlarga tashrif buyurishadi, ularning diqqatga sazovor joylarini ko‘rishadi, me’moriy obidalari bilan tanishadilar va ularni o‘z asarlarida aks ettiradilar. Bunday sayohatlar O‘zbekistonning ulug‘vor tarixini ko‘rish imkonini beradi. Tо‘garakning vazifalaridan biri bolalarga o‘zlari yashayotgan mamlakatning go‘zalligini ko‘rsatishdir.
Ushbu kо‘rgazmadan bolalarni О‘zbekistonning Xiva, Buxoro, Samarqand kabi tarixiy shaharlariga qilgan sayohatlari davomida chizgan tarixiy obidalarining tasvirlari joy olgan.
Kо‘rgazmada Sasha Yusupovа, Diyora Mannanova, Aleksandra Filipchik, Leon Sultanov, Yegor Fattaxov, Sasha Fattaxova, Sofya Yevdokimova, Daniil Savin, Konstantin Kim kabi yosh rassomlarning bir-biridan a’lo, rang-barang ijod namunalaridan bahramand bо‘lish mumkin.
Kо‘rgazma bolalarning ijodiy iqtidorini ochib beradi, shu bilan birga, bolalarda bir necha asrlik tarixiy obidalarimizga bо‘lgan hurmat-e’tiborni, ularning Vatanni asrashga bо‘lgan mas’uliyatini oshib borishiga xizmat qiladi.