Amir Temur tarixini o‘zida aks ettiruvchi manbalar orasida Kastiliya qiroli elchisi Rui Gonzales de Klavixoning “Samarqandga, Temur saroyiga sayohat” kundaligi alohida o‘rin tutadi. Kitob Amir Temur saltataniga oid qimmatli tarixiy ma’lumotlarni o‘zida jam etgan. Shu bilan bir qatorda unda Sohibqiron Amir Temurga qo‘shni mamlakatlar hukmdorlari tomonidan yuborilgan bir qancha hadyalar xususida ham so‘z boradi.
Jumladan: Klavixo bergan ma’lumotlarga ko‘ra Maku qal’asi hokimi Amir Temurga bezatilgan otlarni sovg‘a qilgan. Elchilar Bobilga etgach, Bobil sultoni tomonidan Amir Temurga sovg‘a sifatda yuborilayotgan o‘n beshta tuyada sovg‘a-salomlar, oltita tuyaqush va bitta jirafaga ham guvoh bo‘lganlar. Ispan elchilari Xalil Sulton Mirzo qabulida bo‘lganida Sohibqironga sovg‘a qilib olib ketilayotgan lochinlardan birini o‘zi uchun olib qolmoqchiligini va bu bilan bobosi xafa bo‘lmasligini elchilarga uqtirgan. Amir Temur elchilarni 1404 yil kuzida qabul qilgan, uning oldidan Kastiliya qiroli va Bobil sultonining sovg‘a-salomlari ko‘rsatib, olib o‘tilgach, o‘sha kuni sovg‘a qilingan uch yuzga yaqin otlarni haydab o‘tishadi.
Yana bir o‘rinda Temurbek Xitoy davlati atrofida joylashgan mamlakat elchilarini chaqirtirishni buyurdi, bu elchilarni kiyimlari junli to‘n bo‘lib, boshlarida kichkina qalpoqchalari bo‘lgan. Sohibqironga sovg‘a sifatida qimmatbaho hayvon terilaridan olib kelganlar, deya ma’lumot beriladi.
Amir Temur tomondan elchilarga ikkitadan ot, bosh-oyoq sarpo, kimxob to‘n hadya qilingan (Qarang: Amir Temur Evropa elchilari nigohida / Klavixo Rui Gonsales de. Bukj Amir Temur tarixi (1403— 1406); Tarj., U.Jo‘rayev. Sultoniya arxiepiskopi Ioann. Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar. Tarj., B.Ermatov; Mas’ul muharrir A.X.Saidov. — T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi, 2007. — 208 b.)
Sharafuddin Ali Yazliyning yozishicha, 1401 yil may oyining so‘nggi kunlarida Bag‘dod shahri qarshisida turgan Amir Temurga amir Musabek og‘irligi yuz yigirma misqol javohir taqdim etgan: «Ushbu mahalda Musabek Movarounnahr viloyatidan amirzoda Muhammad Sulton qoshidan kelib, salomatlik xabarlar kelturdi va bir la’lkim, yuz yigirma misqol erdi va Badaxshon konidan hosil bo‘lub erdi, Sohibqirong‘a tortti». Bu ma’lumotni Nizomiddin Shomiy ham tasdiqlaydi.
Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi Avazov Farrux tayyorladi.