Joriy yilning 10 fevral kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek Milliy musiqa san’ati instituti, Oriental Universiteti, V.Uspenskiy nomidagi ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi hamkorligida g‘azal mulkining sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiy hamda buyuk davlat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludlariga bag‘ishlangan “BUYUK TEMURIY SIYMOLAR SIYRATI” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, t.f.n. Fayziyev Xurshid Turg‘unovichning tabrik so‘zlari bilan ochib berildi. Tadbir davomida muzey olimlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, t.f.d., prof. Abdumajid Madraimovning “Navoyi va Mirzo Bobur – Temuriylar Renessansining yirik namoyandalari”, t.f.n., dots. Ozoda Rahmatullayevaning “Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy mahorati”, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi To‘lqin Hayitning “Navoyi va Bobur ijodi – ibrat manbayi” va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti o‘qituvchisi polkovnik Dilshod Choriyevning “Boburning xuquqiy merosining xarbiy kadrlarni xuquqiy ongi va xuquqiy madaniyatini shakllantirishdagi roli” mavzuidagi ma’ruzalari tinglandi. Tadbirning badiiy qismida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek Milliy musiqa san’ati instituti “Maqom xonandaligi” kafedrasi mudiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nodira Pirmatova raxbarligida “Maqom ansambli” xonandalari ijrosidagi kuy va qo‘shiqlar, O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasi “Xalq cholg‘ulari” kafedrasi dotsenti, “Dutorchi qizlar” ansambli rahbari Ruzibi Xudjayeva ma’sulligida “Qo‘shtor lazgisi” ijrosi, V.Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari To‘rabek Egamov ma’sulligida o‘quvchilarining badiiy chiqishlari, shoir Shodmonqul Salom va Munavvara Usmonovaning she’riy chiqishlari tadbirga yanada ko‘taringi ruh bash etdi.
Shuningdek tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 maydagi “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-261-sonli qaroriga ko‘ra aholimizda saqlanayotgan madaniy boyliklarni davlat muzeylariga topshrhlishini rag‘batlantirish va ommalashtirishga qaratilgan “Milliy merosga mening hissam!” aksiyasida Temuriylar tarixi davlat muzeyi bo‘lim mudiri, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shaxnoza Miraliyeva tomonidan muzeyga “Zahiriddin Muhammad Bobur siymosi aks etgan gilmcha” sovg‘a qilindi.
Tadbir so‘ngida tadbirni tashkil etishda hamkorlik qilgan barcha tashkilotlarga muzey rahbariyati tomonidan «Tashakkurnoma»lar taqdim etildi.
















