Alisher Navoiyning yirik davlat arbobi sifatidagi faoliyati, taraqqiyparvar qarashlari, tarixga oid va badiiy asarlari kitobat sanʼati ahli uchun bitmas-tuganmas ilhom manbai bo‘lib kelganligi tarixdan maʼlum. Uning ilg‘or insonparvarlik g‘oyalari hamda badiiy-estetik qarashlarini, boy ijodiy va maʼnaviy merosini bugungi mustaqillik sharoitida tarix ilmi, madaniyat va kitobat sanʼati nuqtai-nazaridan maxsus tadqiq qilish xalqimiz qadimiy va boy merosini hozirgi zamon talablaridan kelib chiqib o‘rganish, milliy ong va istiqlol mafkurasining chuqur, teran va baquvvat asoslarini, ildizlarini oydinlashtirishga, yosh avlodni barkamol inson etib tarbiyalashga xizmat qiladi.
Shularni inobatga olgan holda Alisher Navoiy asarlari moʻtabar qo‘lyozmalarni o‘rganishga o‘zining katta hissasini qo‘shib kelayotgan olim tarix fanlari doktori, professor Madraimov Abdumajid Abduraimovich tomonidan “Alisher Navoiy badiiy asarlarining XV- XVI asrlardagi qo‘lyozmalari” nomli monografiyasinashr etildi.
Monografiyada Alisher Navoiy dostonlari – “Xamsa”, “Lison ut-tayr” qo‘lyozmalari va ularga ishlangan rasmlarning asosiy badiiy-estetik xususiyatlari o‘rganilgan bo‘lib, ular Abulqosim Firdavsiy, Fariduddin Attor, Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy dostonlariga ishlangan rasmlar bilan qiyoslab tadqiq etilgan.
Monografiya jahonning turli muzeylari, shaxsiy kolleksiyalari, kutubxonalarida saqlanib kelinayotgan Alisher Navoiyning ko‘plab qo‘lyozma asarlari haqidagi batafsil, qimmatli maʼlumotlarni, ularga ishlangan rasmlarni o‘z ichiga qamrab olgan. Monografiya ilovasida «Majolis un-nafois» tazkirasiga ishlangan rasmlar tavsifi; olova rasmlar qisqacha mazmuni keltirilgani ahamiyatlidir.