Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan buyuk ajdodimiz, mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilligini nishonlash, ularning xotirasini yod etish maqsadida joriy yilning 6 fevral kuni soat 15:00 da Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur – temuriylar davri ma’naviy merosining buyuk siymolari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Buyuk so‘z san’atkorlari tarixning tub burilish nuqtalarida, millatni birlashtiruvchi, ruhan yuksaltiruvchi badiiy so‘zga ehtiyoj tug‘ilgan paytda dunyoga keladi. Alisher Navoiy xuddi ana shu davrda yashadi.
Ulug‘ bobomiz she’r yozishda faqatgina o‘zbek tili imkoniyatlari bilan chegaralanib qolmagan, boshqa tillardan ham unumli foydalangan. Pushkin o‘z asarlarida 21197 ta betakror so‘z ishlatgan, Shekspir salkam 20 mingta, Servantes mingtaga yaqin. Alisher Navoiy esa 1 million 378 ming 660 ta bektakror so‘z ishlatgan. Boisi, buyuk bobomiz faqat turkiy emas, forsiy, arabiy, urdu, xitoy, mo‘g‘ul va boshqa tillardagi so‘zlardan ham mahorat bilan foydalangan. Bugun Alisher Navoiy xaqli suratda jahon madaniyatining mumtoz vakillari safidan o‘rin oldi. Uning asarlari jahondagi yuzlab tillarga tarjima qilindi. Dunyo ahli uning merosi bilan qiziqmoqda, asarlarida tarannum etilgan olijanob g‘oyalar va falsafiy mushohadalaridan zavq olmoqda.
Navoiy she’riyat mulkining sultoni sifatida dong taratib ketgan bo‘lsa, Bobur uning ma’naviy merosxo‘ri bo‘lib, turkiy adabiyotning ravnaq topishida ulkan hissa qo‘shgan, nafaqat adabiyot va ilm-fan, balki siyosat va ijtimoiy hayotning gullab-yashnashida qudratli salohiyatini namoyon etgan. Xuddiki, Navoiy o‘z “Xamsa”sida orzu qilgan barkamol hukmdor surati Boburda o‘z aksini topgandek edi go‘yo.
Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lishi bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan bo‘lsa, serjilo o‘zbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Uning nafis g‘azal va ruboiylari turkiy she’riyatining eng nodir durdonalari bo‘lib, “Mubayyin” (“Bayon etilgan”), “Xatti Boburiy”, “Aruz” haqidagi risolalari esa islom qonunshunosligi, she’riyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissasini qo‘shdi. Boburning ulkan san’atkorligi shundaki, shaxsiy kechinmalarini jiddiy umumlashma darajasiga ko‘tara oladi va natijada asarlarida olg‘a surilgan g‘oyalar umuminsoniy qadriyatlar darajasiga ko‘tariladi. Bobur ijodida, xususan, she’riyatida kindik qoni to‘kilgan ona yurtini dildan qo‘msash, g‘ariblik azoblaridan o‘tli hasrat, yoru diyor sog‘inchi, taqdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosozliklaridan nola badiiy tahlil etiladi.
Tadbirni tashkil etishdan maqsad Navoiy va Bobur – temuriylar davri ma’naviy merosining buyuk siymolari sifatida mamlakatimiz tarixida o‘chmas iz qoldirganligi, ular o‘z hayotining tamoyillari deb bilgan adolat, vatanparvarlik, insonparvarlikka suyanib o‘tganliklarini, bu insonlarning ijodiy va ilmiy merosi nafaqat milliy ma’naviyatimiz, balki jahon tamaddunida o‘z ifodasini topganligini yoshlar va aholining barcha qatlamlari o‘rtasida keng targ‘ib etishdan iborat.