Tarixiy shaxslar, ularning hayoti doimo tarixchilarning qiziqishiga sabab bo‘lib kelgan. Ayniqsa ularning bugungi kunda saqlanib qolgan shaxsiy buyumlari, qurol-anjomlari yoki ular tomonidan yaratilgan yoki ularga tegishli bo‘lgan ashyolar bu qiziqishni yana-da ortishiga olib keladi. O‘z navbatida bunday ashyolar juda kamyob va nodir hisoblanib, dunyoning mashhur muzeylari va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi. Dunyo muzeylari va shaxsiy kolleksiyalarda Amir Temurga tegishli bo‘lgan tarixiy ashyolar kam miqdorda bo‘lsa-da saqlanib qolgan. Amir Temur qilichi, Temur medalyoni va shu qatorda “Temur yoquti”ni ham keltirib o‘tish mumkin.
«Temur yoquti» (Amir Temur nomiga shunday ataladi)[1] – Yevropada mashhur bo‘lgan qimmatbaho toshning nomi. Sharqda esa bu toshni «Xiroji olam» deb atashgan[2]. Bu toshning tarixi juda ko‘plab sirli voqealar va chalkashliklar bilan bog‘liqdir. Ulardan eng asosiysi «Temur yoquti» – haqiqiy yoqut (rus. rubin)ga yaqin bo‘lib, aslida laʼl hisoblanadi.
«Temur yoquti» – insoniyatga maʼlum bo‘lgan eng yirik laʼl toshidir. Uning og‘irligi 352,2 karatni tashkil etadi[3]. Boshqa manbalarda mazkur tosh 361 karat deb maʼlumot beriladi[4].
Qimmatbaho toshning tarixini ikki davrga ajratish mumkin. Zero, mazkur tosh Ost-Indiya kompaniyasi qo‘liga o‘tganidan so‘ng boshqa uchta la’l bilan birgalikda Buyuk Britaniya qirolichasi Viktoriya uchun tayyorlangan taqinchoqda ishlatilgan.Bu haqiqatdan ham qirollik oilasiga mos sovg‘a edi. “Temur yoquti” tashqari taqinchoqda 34 karatdan 94 karatgacha bo‘lgan 3 ta yirik la’l toshi ham ishlatilgan. Bu toshlar shunchalik qimmatbaho va nodir bo‘lganligi sababli, Ost-Indiya kompaniyasi vakillari ularni granit qilmasdan, shundayligicha ishlatishgan.
Mazkur qimmatbaho toshning asl vatani Hindistondir. Toshning dastlab ishlangan dag‘al qirralari miloddan avvalgi V asr hind ustalarining ishlov texnikasiga mos keladi. Tarixdan maʼlumki, 1398 yilda Dehli qo‘lga kiritilgan. Shundan so‘ng mazkur tosh Amir Temurga kelib tushgan.
Amir Temurdan so‘ng «Temur yoquti» ko‘plab hukmdorlarning qo‘lidan qo‘liga o‘tib kelgan. Ularning ko‘pchiligi toshga o‘z ismlarini o‘yib yozdirishga harakat qilganlar. Amir Temurdan so‘ng toshga egalik qilish Shohruxga, uning vafotidan keyin Ulug‘bekka o‘tadi. Shundan so‘ng toshda biror ir temuriyzodalarning ismlari uchramaydi. Ulug‘bek davridan keyin qoldirilgan yozuv Abbos I Safaviyga tegishlidir.
Fors podsholari (Abbos I Safaviy)dan so‘ng bu toshga egalik qilish Boburiylar sulolasi qo‘liga o‘tgan. Shoh Abbos qimmatbaho toshni Boburiylar sulolasining o‘sha davrdagi podshohi Jahongirshohga hijriy 1021 (milodiy 1612) yilda «umrbod do‘stlikning ifodasi» sifatida sovg‘a qilgan. Sulolaning ko‘plab vakillari qimmatbaho toshga egalik qilgan bo‘lib, ular ham toshda o‘z ismlarini qoldirgan. Jahongirshohdan so‘ng mazkur tosh uning merosxo‘ri, mashhur meʼmoriy obida Toj Mahalning bunyodkori Shoh Jahonga o‘tadi.
Dastlab toshda uning eng birinchi uchta egalarining nomlari yozilgan. Keyinchalik yo Jahongirshohning[5] (yoki uning biror bir avlodi tomonidan – A.F.) buyrug‘iga binoan yozuvlar o‘chirilgan. Jahongirshoh toshning dastlabki uch egalari nomini o‘chirtirib, o‘z otasi Jaloliddin Akbar ismini toshga o‘yib yozdiradi. Yozuvlar o‘zidan avvalgi hukmdorlar nomini o‘chirib tashlash maqsadida avvalgi yozuvlarning ustidan tushirilgan.
O‘yib tushirilgan keyingi ism 1713-1719 yillar hukmronlik qilgan Muhammad Farrux Siyardir.
1849 yilgacha, yaʼni Ost-Indiya kompaniyasi qo‘shinlari tomonidan Lahor egallanganuniga qadar tosh sikhlarning Lahor yaqinidagi qalʼada saqlangan. Keyinchalik esa Ost-Indiya kompaniyasining mulkiga aylangan. O‘z vaqtida hech kim mashhur toshni «Temur yoquti» ekanligini bilmagan. 1851 yilda qirolichaga sovg‘a qilingan taqinchoqda ishlatilgan. Faqatgina 60 yildan so‘ng polkovnik Jeyms Danlop Smit boshchiligidagi komissiya taqinchoqda ishlatilgan toshlarni o‘rganishni boshladi[6]. Shundan so‘ng mutaxassislar toshdagi o‘yib ishlangan yozuvlarni o‘qishga erishdilar va avvallari izsiz yo‘qolgan deb hisoblanagan mazkur tosh “Temur yoquti” ekanligi aniqlangan[7]. Shu sababli tosh uzoq vaqt britaniya tojining xazinalari ichida saqlangan.
2009 yil internet manbalarida «Temur yoquti»ga o‘xshash “Ulug‘bek yoquti” Quvayt amiri Nosir as-Sabohga tegishli ekanligi to‘g‘risida maʼlumotlar berildi[8]. Ammo bu maʼlumot yanglish xabar ekanligini Quvayt amirining shaxsiy kolleksiyasi xususida amirning rafiqasi bergan intervyusi tasdiqlaydi[9].
Mazkur qimmatbaho toshning Quvayt amiri qolleksiyasidan qanday o‘rin olganligi haqida maʼlumotlar yo‘q. Ammo jahonning turli davlatlaridagi ko‘rgazmalarda “Temur yoquti” namoyish etilgan. Bunga dalil qilib 2009 yili Kreml saroyining Uspenskoy zvonnitsasida ochilgan «Jahon xazinalari. Hindiston zeb-u ziynatlari (zargarligi) Buyuk Boburiylar davrida» nomli ko‘rgazmani ko‘rsatish mumkin. 2001 yildan boshlab mazkur ko‘rgazma London, Nyu-York, Parij, Berlin kabi shaharlarda bo‘lib o‘tgan. Mazkur yilning avgust oyida esa ekspozitsiya Sankt-Peterburg shahriga yetib keladi. Ushbu ko‘rgazma haqida Quvayt arab davlati hukmron sulola vakilasi, Quvayt Islom qadimiyati muzeyi direktori malika Hissa as-Saboh «Vremeni novostey» jurnaliga bergan intervyusida qiziq bir maʼlumot haqida xabar beradi. Maʼlumot uchun eslatib o‘tish kerakki, malikaning turmush o‘rtog‘i Nosir as-Saboh bilan birgalikda “Buyuk Boburiylar xazinalari” kolleksiyasining egalari va tuzuvchilari hisoblanadilar. Malika Hissa as-Saboh o‘z intervyusida “…Kolleksiyada mavjud bo‘lgan ashyolarning ko‘pchiligi qudratli hukmdorlarga tegishli bo‘lgan. Bizning kolleksiyamizda «Temur yoquti» nomi bilan mashhur bo‘lgan qimmatbaho qizil tosh ham bor. Unda Amir Temur nabirasi – Ulug‘bekdan boshlab oltita hukmdorning nomlari, shuningdek ular toshni qo‘lga kiritgan yillar ham ko‘rsatilgan. Keyinchalik esa bu tosh bir hukmdordan ikkinchi bir hukmdorga o‘tib kelgan” [10].
Maʼlumki 1739 yilda Eron shohi Nodirshoh Hindistonga yurish qilib Dehlini egallagach, juda katta xazinani qo‘lga kiritadi. Xazina ichidagi eng qimmatbaho buyumlar “Ko‘hinur” va “Temur yoquti” hisoblanardi. Bu haqda maʼlumot beruvchi eng asosiy forsiy manbalardan birida: “Bu yoqut hijriy 1153 (milodiy 1740) yilda Hindiston xazinalardan Isfahonga kelib tushgan shohlar shohi sulton Sohibqironning yigirma besh ming asl javohirlaridan biridir” deb maʼlumot keltiriladi[11]. Qolgan toshdagi ismlar esa o‘z vaqtida “Temur yoquti”ga egalik qilgan hukmdorlar hisoblanadi: Akbarshoh, shoh Jahongir 1021 (1612); Shoh Jahon (Sohib Qiron Soniy 1038 (1628)); Avrangzeb Olamgir 1070 (1659), Podshoh G‘ozi Muhammad Farrux Siyar 1125 (1713); Ahmadshoh Durri Durron 1168 (1754)[12]. Toshda sanalar hijriy yillar bilan ko‘rsatilgan.
“Temur yoquti”ning barcha egalari
1. Afsonaga ko‘ra mazkur tosh ilk bor mil. avv. V asrda xos
2. 1398 yildan — Amir Temur
3. Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li — Shohrux Mirzo
4. 1447 yildan — Ulug‘bek Mirzo
5. Abbos shoh I [12]
6. Jahongirshoh [13]
7. Shoh Jahon ( toshda Sohib Qironi Soniy yozuvi unga tegishli, yaʼni Amir Temurdan keyingi ikkinchi Sohibqiron )[14]
8. 1658 yildan Avrangzeb[15]
9. Muhammad Farruk Siyar[16]
10. 1739 yildan — Eron shohi Nodirshoh[17]
11. Ahmadshoh Durri Durron[18]
12. Ranjit Singh[19]
13. Ost – Indiya kompaniyasi[20]
14. 1848 yildan — Buyuk Britaniya qirolichasi Viktoriya, Bukingem saroyining Hindiston xonasida saqlangan[21].
Bugungi kunda qimmatbaho tosh Quvayt amiri shayx Nosir as-Sabohning kolleksiyasida, Quvayt Islom qadimiyatlari muzeyida[22] saqlanadi.
[1] Ball V. A Description of Two Large Spinel Rubies, with Persian Characters Engraved upon Them. Proceedings of the Royal Irish Academy Vol. 3, 1894. (1893 – 1896), pp. 380-400.
[2] Morgan D. Fire and Blood: Rubies in Myth, Magic, and History. Greenwood Publishing Group, 2008, pp. 153-158.
[3] Morgan D. Fire and Blood: Rubies in Myth, Magic, and History. Greenwood Publishing Group, 2008, pp. 153.
[4] Bowersox, Gary W. Gemstones of Afghanistan. Geo Vision, Inc., 1995, pp. 505.
[5] Morgan D. Fire and Blood: Rubies in Myth, Magic, and History. Greenwood Publishing Group, 2008, pp. 153-158.
[6] http://www.bejewel.ru/decorations/rubin_timura/
[7] Bowersox G. W. Gemstones of Afghanistan. Geo Vision, Inc., 1995, pp. 505.; Morgan D. Fire and Blood: Rubies in Myth, Magic, and History. Greenwood Publishing Group, 2008, pp. 192.; Ball V. A Description of Two Large Spinel Rubies, with Persian Characters Engraved upon Them. Proceedings of the Royal Irish Academy Vol. 3, 1894. (1893 – 1896), pp. 380-400.
[8]http://retrobazar.com/journal/interesting/917_znamenityj-istoricheskij-kamen—rubin-timura.html
[9] Это торжество мастеров эпохи Великих Моголов, интервью с принцессой Кувейта Хиссой ас-Сабах // «Время новостей», № 31, 25 февраля 2009.
[10] Это торжество мастеров эпохи Великих Моголов, интервью с принцессой Кувейта Хиссой ас-Сабах // «Время новостей», № 31, 25 февраля 2009.
[11] Morgan D. Fire and Blood: Rubies in Myth, Magic, and History. Greenwood Publishing Group, 2008, pp. 153-158.
[12] Morgan D. Fire and Blood: Rubies in Myth, Magic, and History. Greenwood Publishing Group, 2008, pp. 154.
[13] 1587—1629 yillarda Eronda hukmronlik qilgan Safaviylar sulolasi shohi.
[14] Boburiylar imperiyasining to‘rtinchi podshohi 1605-1627 yillarda hukmronlik qilgan.
[15] 1628-1657 yillarda hukmronlik qilgan.
[16] Boburiylar imperiyasi podshohi 1658-1707 yillarda hukmronlik qilgan.
[17] 1713-1719 yillarda hukmronlik qilgan.
[18] Nodir shoh Afshor, Nodirquli nomi bilan ham mashhur bo‘lgan. 1736-1747 yillarda Eron davlatining podshohi, Afshoriylar sulolasi asoschisi.
[19] Shuningdek, Ahmadshoh Abdali — mustaqil afg‘on davlati Durroniylar sulolasining asoschisi 1747-1772 yillarda humronlik qilgan.
[20] Randjit Singh (1801-1839) — Panjobning maxarojasi, Boburiylar imperiyasi zaiflashgan davrda mustaqil Sikh davlatiga asos solgan.
[21] 1600 yilda Angliyada asos solingan savdo-tijorat kompaniyasi. Hindiston yarimoroli va unga yondosh orollarda o‘z faoliyatini yuritgan. Keyinchalik Angliyaning Hind okeanidagi mustamlakachilik siyosatinin asosiy kuchiga aylangan.
[22] Hanuzgacha ayrim manbalarda “Temur yoquti” Bukingem saroyinig Hindiston xonasida saqlanadi deb maʼlumot beradilar. Qarang: Morgan D. Fire and Blood: Rubies in Myth, Magic, and History. Greenwood Publishing Group, 2008, pp. 158
[23] Это торжество мастеров эпохи Великих Моголов, интервью с принцессой Кувейта Хиссой ас-Сабах // «Время новостей», № 31, 25 февраля 2009.
F.Avazov
Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi