Barcha yangiliklarga qaytish

AMIR TEMURNING TARIXIY MEROSI

Temuriylar tarixi davlat muzeyida buyuk sarkarda, davlat arbobi, Amir Temur tavalludining 686 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston, Rossiya, Qirg‘iziston va Polsha kabi davlatlardan tarixchi olimlar, sharqshunoslar, filologiya va aniq fanlar olimlari hamda madaniyat namoyondalari ishtirok etdi.

Sermazmun dastur doirasida Amir Temur faoliyati hamda merosining turli sohalariga oid: harbiy sanat, diplomatiya, jamiyat ravnaqi, yozuvning shakllanishi va boshqa ko‘plab sohalarda tutgan o‘rni haqida ma’ruzalar tinglandi.

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti qoshidagi Murakkab tizimlarning matematik tadqiqoti instituti Strategik tadqiqotlar markazi direktori V.L Kvintning “Amir Temurning strategik yetakchiligi: “Tuzuklarga izohlar” monografiyasining rasmiy taqdimoti alohida bir voqeaga aylandi.

– Muallif sifatida men uchun buyuk strateg Amir Temurning  bebaho asari “Tuzuklar”ga izoh yozish ilmiylik va insoniylik borasida juda ma’suliyatli vazifa edi. Kitobimning talabgorlari Rossiya davlati bilangina chegaralanib qolmaganligidan faxrlanaman. Kitob qirg‘iz va polyak tillariga tarjima qilindi. O‘tgan yili kitobni Polshaning “Poznanie” nashriyoti chop etdi. Lekin kitobimning aynan buyuk Amir Temurning vatani O‘zbekistonda tarjima qilinishi va nashr etilishini muvaffaqiyatimning cho‘qqisi deb hisoblayman – deb ta’kidladi Vladimir Kvint.

 “Poznanie” nashriyoti direktori, diplomat, Polshaning Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi sobiq elchisi, janob Vladislav Sokolovski kitobning Polshadagi nashri haqida so‘zlar ekan, Amir Temur nafaqat jahon miqyosidagi buyuk tarixiy shaxs, uning “Tuzuklar”i esa shunchaki tarixiy ahamiyatga ega hujjat emasligiga e’tibor qaratdi. Bu asar butun dunyoda malum bo‘lishi va o‘rganilishi kerak.

– Aynan o‘tmishdagi g‘oyalar porloq kelajak qurishda xizmat qilishi uchun ham ushbu kitob Polshaning “Poznanie” nashriyotida chop etildi” dedi Vladislav Sokolovski.

O‘R Fanlar Akademiyasi prezidenti Behzod Yuldashev, tarix fanlari doktori, professor, akademik  Dilorom Yusupova, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev kabi olimlar Kvint monografiyasida yaqqol ifodasini topgan avlodlar muloqoti, xususan Temuriylar davridan to hozirgi kungacha, hamda Amir Temur merosining jahon evolyusion rivojlanishining tarixiy istiqbollariga ta’siri xaqida fikr bildirdilar.

Amir Temurning “Tuzuklar”dagi fikrlari o‘z dolzarbligini yo‘qotmagani hamda davlat arboblari, strategik yetakchilar, strategiya nazariyasi va amaliyoti professionallari uchun katta qiziqish uyg‘otib kelayotgani haqida barcha ishtirokchilar mushtarak fikr bildirdilar.

Konferensiyaning rasmiy qismi tugagandan so‘ng uning natijalari muhokamasi va fikrlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi, hamda muzey zallari bo‘ylab ekskursiyalar uyushtirildi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.