Mutaqillik bergan imkoniyatlar tufayli buyuk ajdodimiz, yirik faylasuf, din arbobi va adib Bahouddin Naqshband merosini o‘rganish bo‘yicha juda ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 1993 yilda u zot tavlludining 673 yillgi keng nishonlandi, ziyoratgohlari qayta tiklandi, obod go‘shaga aylantirildi. Yozuvchilar va shoirlar, olimlarimiz bir qancha ilmiy, badiiy asarlar yozib, ularni o‘z o‘quvchilariga yetkazishdi.
O‘zbekistonda hizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi To‘lqin Hayit uzoq yillik mehnatidan so‘ng mazkur romanini kitobxonlarga taqdim etdi. Asarda Bahouddin Naqshbandning inson maʼnaviy olamini boyitish, yurt ozodligi va obodligi yo‘lida Amir Temur sohibqiron hazratlari bilan bir safda qadam tashlaganligi boy tarixiy, moʻtabar manbalar asosida hikoya qilinadi. Shuningdek, bu ishlarda ota-bobolarimiz, momolarimizning o‘rnini ko‘rsatish maqsadida Dildorbegim kabi vatanparvarlarning qiyofalari ham o‘z aksini topgan. Shu jihatdan ham mazkur asar keng kitobxonlarimizga yaxshigina sovg‘a bo‘ladi deb o‘ylaymiz.