O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 11 iyuldagi 189-sonli «Davlat muzeylarining bolalar va ularning ota-onalariga ochiqligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga binoan aholi, ayniqsa o‘quvchi yoshlarning mazmunli dam olishlari uchun tashkil etilgan «Muzeylar haftaligi» doirasida O’zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Boburiylar davri me’morchiligi va miniatyuralarida Temuriylar davri an’analarining davomiyligi” nomli foto ko‘rgazma tashkil etildi.
Temuriylar sulolasining buyuk namoyondasi Zahiriddin Muhammad Bobur o‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan, siyosatchi, adib, shoir va olimdir. U Hindistonda buyuk Boburiylar davlatiga asos soldi, mamlakatning madaniy taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi.
Hindistonda Bobur bir qancha imoratlar, bog‘lar va ko‘prik qurdirgan. Uning bunyodkorligi avlodlari tomonidan davom ettirilgan. Shu bilan Hindiston san’atiga va me’morchiligiga Markaziy Osiyo Temuriylar uslubining kirib kelishi yaqqol sezila boshlandi. Boburiylar davri arxitekturasi mahobati, bezaklarning boyligi, musulmon me’morchiligi va hind saroy arxitekturasi an’analarining uyg‘unligi bilan ajralib turadi. Boburiylar davrida san’atning barcha sohalari kabi miniatyura san’ati ham yuksak darajada taraqqiy topgan bo‘lib, ular nodir qo‘lyozmalarni bezashga xizmat qilgan. Boburiylar davri miniatyuralarida me’moriy obidalar, ularning bezaklari, bog‘lar, saroylar tasvirlarida Temuriylar san’ati davomiyligini ko‘rish mumkin.
“Boburiylar davri me’morchiligi va miniatyuralarida Temuriylar davri an’analarining davomiyligi” deb nomlangan ko‘rgazmaning asosiy maqsadi me’moriy obidalarning ko‘rinishlari, ularning miniatyuralarda aks etganligi, koshinlardagi naqsh bezaklari, minoralarning o‘xshash jihatlari, ulardagi bog‘lar tasviri, naqshlarning bir-biriga yaqinligi, chorbog‘lar ko‘rinishlari, pavilonlar tasvirlarining qiyosiy solishtirish orqali Boburiylar davri me’morchiligida Temuriylar davri an’analarining davom etganligini ochib berishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazma rassom va olima N.Gilmanovaning ilmiy tadqiqotlari natijalari asosida tashkil etilgan. Undan Agradagi Toj-Maxal maqbarasi, Qizil qal’a saroy va bog‘lari, Panipatdagi Qobul bog‘ va masjidi, Qobuldagi Bobur bog‘lari, saroy ichki ko‘rinishlari, masjid minoralaridagi va devorlaridagi freskalarning parchalari, panellar bezaklaridagi geometrik naqshlar, hovuzlar, Boburiylar davri me’morchiligi hamda Temuriylar davri me’morlik na’munalarining o‘xshash tuzilishga ega miniatyuralarda aks etgani tasvirlangan.
Ko‘rgazma keng jamoatchilik uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Boburiylar davri me’morchiligi va miniatyuralarida Temuriylar davri an’analarining davomiyligi hozirgi kungacha saqlanib qolgan me’moriy obidalar va miniatyuralar orqali tasavvur qilish imkonini beradi.





