Sohibqiron Amir Temur davlatchiligimiz tarixida o‘zining ulug‘ xizmatlari bilan o‘chmas iz qoldirdi. Amir Temur adolatli amir, ilm-fanga homiy hukmdor, mohir sarkarda bo‘lishi bilan birgalikda, murakkab davrda mustaqil, markazlashgan davlat qura olgan buyuk bunyodkor shaxs hamdir. Amir Temur va Temuriylar davrida Vatanimiz tarixi, Insoniyat tamadduni moddiy va ma’naviy madaniyati sahifasida ilm-fan, me’morchilik, tasviriy san’at, musiqa, adabiyot, she’riyat yuksak darajada taraqqiy etdi. Bu esa o‘z navbatida “Temuriylar Renessansi” deb atalishiga sabab bo‘ldi. Amir Temur o‘z avlodlariga nafaqat katta saltanatni, ayni vaqtda yaxshi ananalarni ham meros qoldirdi. Barcha Temuriylar Amir Temurning obodonchilik, mamlakatni adolat bilan boshqarish, madaniyat, sanat, ilm-fan sohalaridagi ishlarini davom ettirdilar.
Dunyoda bugun Amir Temur va Temuriylar merosini o‘rganish bo‘yicha G‘arb va Sharq tillarida mingdan ortiq kitoblar, dissertatsiyalar, monografiyalar, ilmiy maqolalar nashr etilgan va bu davrni o‘rganish bo‘yicha ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Joriy yilning 9-aprel kuni O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi Toshkent shahar hokimiyati, Xalqaro Amir Temur jamoat fondi, O‘zR Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 688 yilligiga bag‘ishlangan “Buyuk Sohibqironga ehtirom” nomli turkum tadbirlar o‘tkazildi.
Poytaxtimiz markaziy maydoni – Amir Temur xiyobonida davlat va jamoat arboblari, xorijiy diplomatik korpus vakillari, mahalla faollari hamda talaba-yoshlar ishtirokida tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Mehmonlar tomonidan ulug‘ Sohibqiron haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
Shundan so‘ng, yig‘ilganlar Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdilar. Bu yerda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi “Turon” harbiy teatri, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansamblining musiqiy-badiiy chiqishlari bo‘lib o‘tdi.
Muzeyning konferensiyalar zalida “Temuriylar renessansi: tarix, tadqiqotlar va muammolar” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi. Anjumanni O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, t.f.n X.T.Fayziyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Anjumanda O‘zbekistonning taniqli temurshunos olimlari bilan bir qatorda xorijlik tadqiqotchilarning ham maruzalari tinglandi.
Tadbir davomida Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Temuriylar davri miniatyura san’ati durdonalari” nomli yangi ko‘rgazma bilan ham yaqindan tanishdilar.
Shuningdek Hunarmand Uyushmasi bilan hamkorlikda «Miniatyura san’ati» yo‘nalishi bo‘yicha mahorat darsida tashkil etildi.
Kun davomida muzeyda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi va tomoshabinlarga muzey ekspozitsiya zallari bo‘ylab sayohatlar uyushtirildi.