Barcha yangiliklarga qaytish

“MUQADDASDIR VATAN BAYROG‘I” nomli madaniy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 15 noyabr kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi “Ma’naviyat va ma’rifat”  markazi, Toshkent amaliy fanlar universiteti, Toshkent shahar Olmazor tumani 224-sonli va Yunusobod tumani 272-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari bilan hamkorlikda Vatanimiz bayrog‘i qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan “MUQADDASDIR VATAN BAYROG‘I” nomli madaniy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, t.f.n. Fayziyev Xurshid Turg‘unovich va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig‘i, polkovnik Dadajonov Valijon Ergashevichning tabrik so‘zlari bilan ochib berildi. Tadbir davomida polkovnik Zafar Babajanov va podpolkovnik Qutlimurod Sobirov badiiy rahbarligidagi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari markaziy ashula va raqs ansamblining quy va qo‘shiqlar yangradi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdurazzoq Obruy “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i”, yosh shoirlar Zikrilla Ne’mat va Rohila Yusupovalar “Bu muqaddas vatanda azizdir inson!” mavzularidagi she’riy chiqishlari, TAFU talabasi Ibrohim Rixsiboyev va Toshkent shahar Olmazor tumani 224-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari badiiy chiqishlari  orqali Vatanimiz bayrog‘ining davlat ramzlaridan biri sifatida nechog‘lik buyuk ahamiyatga ega ekanligini tavsiflab berishdi.

Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 maydagi “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-261-sonli qaroriga ko‘ra aholimizda saqlanayotgan madaniy boyliklarni davlat muzeylariga topshrhlishini rag‘batlantirish va ommalashtirishga qaratilgan “Milliy merosga mening hissam!” aksiyasida ishtirok etgan Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyati O‘zgant shahri fuqarosi xattot Mu’iddinov To‘lanboyga “Tashakkurnoma” taqdim etildi.  Xoja Ahmad Yassaviyning “Devoni  Hikmat” asarini nast’aliq xatida ko‘chirtirib muzeyimizga sovg‘a qilgani uchun muzey rahbariyati va jamoasi xattot Xattot Mu’iddinov To‘lanboyga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi yoshlarimizda Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘urur va iftixorini o‘zida aks ettirgan davlat bayorog‘iga nisbatan muhabbatini kuchliroq shakllantirishga zamin yaratadi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.