Barcha yangiliklarga qaytish

MUZEYLAR – TARIXIMIZ KO‘ZGUSI

Har qanday davlat taraqqiyot sari intilar ekan, doimo tarixga nazar tashlab, urf-odatlar, an’analar, madaniyat va qadimiy yodgorliklarni o‘rganishi va saqlashi lozim. Aynan, muzeylar madaniy ma’rifiy muassasa sifatida tarixiy, moddiy va ma’naviy yodgorliklarini to‘plash, saqlash va o‘rganish hamda targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega. Muzeylar tarixning sirli xilqatlarini o‘zida mujassam etgan holda xalqlar madaniyati, qadriyailarini tarannum etuvchi va davlatlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi ko‘prik hisoblanadi. Yosh avlodni ma’naviy dunyosini boyitish, ularda Vatanga sadoqat, mehr va iftixor tuyg‘ularini shakllantirishda muzeylarning o‘rni beqiyosdir.

 

1977 yil Xalqaro muzeylar kengashi tashabbusi bilan 18 may kuni “Xalqaro muzeylar kuni” deb e’lon qilingan. 1978 yildan e’tiboran 150 dan ortiq mamlakatlarda keng nishonlanib kelinmoqda. Mamlakatimizda Xalqaro muzeylar kuni 1998 yildan boshlab barcha muzeylarda bayram tarzida o‘tkazilishiga bu yil 25 yil to‘ldi. Har yili IСOM tashkiloti tomonidan 18-may – Xalqaro muzeylar kuniga bag‘ishlab mavzu tanlanib, bu yilning mavzusi “Muzeylar, barqarorlik va farovonlik” nomi bilan ataldi. Bugun yurtimizning barcha muzeylarida ochiq eshiklar kuni va tadbirlar o‘tkazilib borilmoqda. 

 

Ochiq eshiklar kuni munosabati bilan mahalliy va xorijiy tashrifchilarga Amir Temur va Temuriylar davri tarixini ma’lum bir qirralarini yoritib berish maqsadida tashrifchilarga “XIV-XV asrlardaToshkent shahridagi qadimiy obidalar”, “Amir Temur davrida diplomatik yozishmalar”,  “Наука и образование в период Амира Темура и Темуридов”, “Развитие торговли по Великому Шёлковому пути в период правления Темуридов” kabi mavzuli ekskursiyalar o‘tkazildi.

18-may – Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonda zamonaviy muzeylar faoliyati” mavzusida seminar o‘tkazildi. Institut talabalari va tadqiqotchilarning muzeylar faoliyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi. Qiziqarli va sermazmun ma’ruzalari bilan tadbirda faol ishtirok etgan talabalar Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziev tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirliandi.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2022 yil 27 maydagi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi bilan hamkorlikda “Kashtachilik” mahorat darsi tashkil etildi. Tadqiqotlarga ko‘ra, kashtachilik qadimiy tarixga ega bo‘lib, ko‘pgina xalqlarning iqlimi, tabiiy sharoiti, muhiti bilan uzviy bog‘liq holda, har bir xalqning madaniyati, san’ati va kasb-hunar turlari ta’siri tufayli rivojlangan amaliy san’atning taraqqiy topgan sohalaridan biri hisoblanadi. O‘zbek milliy kashtado‘zligi xalq hunarmandchilik san’atining eng qadimiy turlaridan biridir. Kashtado‘zlik san’ati rivojlanishida tasviriy san’at katta ahamiyatga egadir. XIV-XV asrlarga oid manbalardagi miniatyuralarda kashtado‘zlikning qadimdan keng taraqqiy topganligi ask ettirilgan. Jumladan, Sohibqiron Amir Temur saroyiga tashrif buyurgan Ispan elchisi Rui Gonzales de Klavixo o‘z esdaliklari, kashta bezaklarini tomosha qilgani haqida ma’lumotlar yozib qoldirgan. Temuriylar davri mashhur mo‘yqalam sohibi Kamoliddin Behzodning “Zafarnoma” asariga ishlangan miniatyuralarida kashtali chodirlar aks ettirilgan. O‘zbek kashtalarining noyobligi va go‘zalligi uning bezak va naqshlari, texnik usullarining ko‘pligi va qadimiyligi bilan qimmatlidir. Bu kabi mahorat darslari muzeyga tashrif buyurgan talaba va o‘quvchilar, xorijiy sayyohlarda katta taassurot qoldirdi.

 

 

 D.Azizova,

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi “Ekskursiyalar” bo‘limi mudiri

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.