👫1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyida «Akvarelka» bolalar rassomlik to‘garagi hamkorligida “O‘zbekiston: tabiat va tarix” nomli yosh rassomlar ko‘rgazmasi ochildi.
Tasviriy san’at – real voqelik va tassavvur olamini bо‘yoqlar orqali rassom tomonidan qog‘ozga tushirilishidir. Ijodkor turli yoshda tajriba va imkoniyatdan kelib chiqib ularni о‘ziga xos tasvirlaydi va qog’ozga tushiradi. Bunda ayniqsa, bolalar ijodi о‘zining yorqinligi va bolalarcha beg‘uborlik chizgilari bilan ajralib turadi.
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Temuriylar tarixi davlat muzeyida tashkil etilgan “O‘zbekiston: tabiat va tarix” kо‘rgazmasida iqtidorli yosh rassomlarning ijod namunalari о‘rin olgan. Ko‘rgazma Toshkent shahrida 2023-yil 2-fevraldan buyon о‘z faoliyatini olib borayotgan bolalar “Akvarelka” akademik rasm va tasviriy san’at tо‘garagi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ushbu to‘garakning asosiy maqsadi dastlabki chizgilardan boshlab bolalarda rasm chizishga professional yondashuvni shakllantirishdir. Birinchi darslardan boshlab rangni idrok etish, borliqdagi predmetlarni aniq tasvirlashga qaratilgan tо‘garakda bolalar natyurmortlar, landshaftlar, hayvonlar, odamlar va obidalarni tasvirlashadi. Tо‘garak dasturining eng muhim qismi O’zbekiston bo’ylab badiiy sayohatlaridagi obida va manzaralardir. To‘garak davomida bolalar boy tarixga ega shaharlarga tashrif buyurishadi, ularning diqqatga sazovor joylarini ko‘rishadi, me’moriy obidalari bilan tanishadilar va ularni o‘z asarlarida aks ettiradilar. Bunday sayohatlar O‘zbekistonning ulug‘vor tarixini ko‘rish imkonini berish bilan birga yosh rassomlar o‘zlari yashayotgan mamlakatning go‘zalligidan bahramad bo‘lishiga turtki beradi.
Ushbu kо‘rgazmada yosh rassomlar tomonidan О‘zbekistonning Xiva, Buxoro, Samarqand kabi tarixiy shaharlari va Qoraqalpog’istonning Orol dengiziga qilgan sayohatlari davomida chizgan tarixiy obidalari va manzaralari joy olgan.
Ko‘rgazmada to‘garakning 30 nafar iste’dodli yosh rassomlarining rang-barang ijod namunalaridan bahramand bо‘lish mumkin.
Ko‘rgazma bolalarning ijodiy iqtidorini ochib berish bilan birga, bolalarda bir necha asrlik tarixiy obidalarimiz va tabiatga bо‘lgan hurmat-e’tiborini, ularning Vatanni asrashga bо‘lgan mas’uliyatini oshib borishiga xizmat qiladi.