Barcha yangiliklarga qaytish

O‘ZR FA TEMURIYLAR TARIXI DAVLAT MUZEYI 25 YOSHDA

O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi 1996 yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 14-martdagi 99-sonli qaroriga asosan tashkil qilingan.

Muzey o‘zbek xalqining davlatchilik tarixida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Amir Temur va Temuriylar davri tarixini, moddiy va ma’naviy yodgorliklarini ilmiy-amaliy asosda o‘rganib, ekspozitsiyada keng jamoatchilikka namoyish etuvchi, barkamol va etuk insonni tarbiyalovchi ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy  maskandir.

Muzeyning asosiy maqsadi – Amir Temur va Temuriylar davrida ilm – fan, maorif va madaniyatning yuksak darajadagi taraqqiyotini haqqoniy aks ettirish va keng targ‘ib qilish, chuqur insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan tarixiy yutuqlarimiz va an’analarimiz asosida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va milliy istiqlol g‘oyasini singdirishdir.

Muzey fondlarida O‘zbekiston tarixini, Amir Temur va temuriylar davri tarixini aks ettiruvchi  5 mingdan ortiq eksponatlar saqlanadi.  Bular –  qo‘lyozmalar, yozishmalar, oltin, kumush va mis tangalar, sopol, bronza va mis  buyumlar,  me’moriy qoplamalar, etnografik ashyolar, kumushdan ishlangan zargarlik buyumlari hamda Go‘ri  Amir  maqbarasi, Bibixonim masjididan topilgan  ashyolar va h.k. 

Hozirgi kunda Temuriylar tarixi davlat muzeyi  nafaqat respublikamizda, balki, xorijda ham o‘zining ilmiy-madaniy faoliyati bilan alohida o‘rniga ega. Mazkur davlat muzeyining jahonga o‘zbek xalqi tarixining yorqin davrilaridan biri bo‘lgan  Amir Temur va Temuriylar davri tarixini hamda madaniyatinitarg‘ib etishdagi xizmatini alohida ta’kidlab o‘tish joyiz.

Hozirgi kunda O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi Amir Temur va Temuriylar davri tarixini o‘rganish bo‘yicha respublikadagi ilmiy markaz bo‘lib, Muzeyda olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari Amir Temur va Temuriylar davri tarixini chuqur va xolisona yoritishga qaratilgandir. Mustaqillik yillarida xalqimizning o‘z tarixi haqida bilimini chuqurlashtirish, ayniqsa yosh avlodni vatanparvarlik va milliy iftixor ruhida tarbiyalash maqsadida, mazkur davr tarixiga davlat ko‘lamida alohida e’tibor qaratildi va ushbu tarixni har tomonlama ilmiy va amaliy yo‘nalishlarda izchil o‘rganib borish hamda targ‘ib qilish kun tartibidagi dolzarb vazifalar qatoriga qo‘yildi. SHu sababli Muzeyda xalqimiz tarixining eng yuksak davri hisoblanmish Amir Temur va Temuriylar davri tarixiga oid ilmiy tadqiqotlar  amalga oshiriladi. O‘tgan yillar davomida muzeyda bir qator fundamental, innovatsiya, amaliy va FTQQF loyihalari muvaffaqiyatli bajarildi. SHuningdek, mazkur ma’naviyat maskanida tarix va muzeyshunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar ham olib boriladi. Respublika va xalqaro miqiyosda ilmiy anjumanlar, simpoziumlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinadi. Ularning natijalari monografiyalar, anjuman to‘plamlari va yangi ko‘rgazmalar orqali ilmiy jamoatchilikka hamda xalqimizga taqdim etildi. Jumladan, muzeyda 25 ta monografiya,  11 ta ilmiy to‘plam, 4 ta katalog, yo‘lko‘rsatkich,   risola, buklet, otkritkalar to‘plami nashr etilgan.

Muzey  o‘z faoliyati davomida xalqimizning  va poytaxt  mehmonlarining sevimli ziyoratgohiga aylanib ulgurdi. Tashkil etilgandan buyon muzeyga tashrif buyuruvchilar soni 2850000dan ortdi. Muzeyga xorijiy davlatlarning arboblari, barcha rasmiy delegatsiyalar ham ko‘plab tashrif buyurmoqdalar.

Muzeyda o‘zbek xalqi davlatchilik tarixini, Temuriylar davri tarixini, an’ana va qadriyatlarimizni aks ettiruvchi  90 dan ortiq ko‘rgazmalar tashkil etildi. “Movaraunnahr hukmdorlari”, “Merosimiz davomchilari”, “Amir Temur hayotidan lavhalar”, “Shohruhiya – qal’a shahri Temuriylar davrining noyob yodgorligi”, “Xorijdagi merosimiz”, “Amir Temur  – Klavixo – Samarqand”, «O‘zbekistonda yozuv madaniyati tarixi», “Toshkent – Sharq durdonasi”, “Noyob qo‘lyozmalar xazinasidan”, “Samarqand – 2750 yoshda”, ”Sovg‘alar“, “Toshkent – islom madaniyati poytaxti”, “Temuriylar davri renessansi”, “Temuriylar davlatining diplomatik munosabatlari”, “Jahon xazinalaridagi Temuriylarga oid javohirlar”, “Shoxruhiya – Temuriylar bunyodkorligi yodgorligi”, “Tarixiy obidalarimiz: kecha va bugun”, “Muzey xazinasidagi nodir qo‘lyozmalar”, “Amir Temur davrida bog‘ yaratish san’ati”, “Tangalarda aks etgan tarix”, “Boburiylar davri me’morchiligi va miniatyuralarida Temuriylar davri an’analarining davomiyligi” va h.k. ko‘rgazmalar shular jumlasidandir. 2021 yilda O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi hamda  Sohibqiron tavalludning 685 yilligiga bag‘ishlangan “Mustaqillik yillarida Amir Temur va Temuriylar davri tarixiga oid nashr etilgan kitoblar” va “Temuriylar tarixi davlat muzeyi numizmatika kolleksiyasi” nomli ko‘rgazmalar tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.    

Shuningdek, Muzey o‘z eksponatlari bilan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etib, o‘zbek xalqining boy moddiy va ma’naviy merosini jahonga targ‘ib qilib kelmoqda, xususan, Fransiyada o‘tkazilgan “Temuriylar renessansi”, Germaniyaning Gannover shahrida o‘tkazilgan «Ekspo – 2000», Avstraliyaning Sidney shahridagi Paurxaus muzeyida o‘tkazilgan «YOrqin gullar: Markaziy Osiyo gazlamalari va keramikasi» xalqaro ko‘rgazmalarida muzeyning noyob eksponatlari namoyish etildi.   SHuningdek, 2016 yilning  26-27 mayida Leyden universitetida (Niderlandiya) Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiya doirasida  “Dunyo xazinalaridagi Temuriylarga oid javohirlar” fotoko‘rgazmasi o‘tkazildi.2018 yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilinganligi munosabati bilan  Turkiston shahridagi “Azret Sultan”  davlat tarixiy-madaniy qo‘riqxona-muzeyining taklifiga binoan 2018 yilning 5 iyulida “Temuriylar tarixi davlat muzeyi durdonalari” fotoko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmadan Temuriylar tarixi davlat muzeyining noyob eksponatlarining suratlari va muzey nashrlari o‘rin oldi.

Muzeyda Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda «Noyob qo‘lyozmalar» ,  Eron elchixonasi bilan hamkorlikda “Amir Temur va Temuriylar davri miniatyuralari”, O‘mon Sultonligining Hujjat va arxivlar Milliy boshqarmasi bilan hamkorlikda “Uzoq va yaqin O‘mon” hamda “Azret Sultan”  davlat tarixiy-madaniy qo‘riqxona-muzeyining  “Buyuk dasht merosi” deb nomlangan fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.

Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va milliy istiqlol g‘oyasini singdirish maqsadida yubiley sanalari, tarixiy sanalar va bayramlar munosabati bilan 250 ga yaqin ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. “Qalam ahlining darg‘alari”, “Temuriylar davri huquqiy merosi”, “Amir Temur avlodlari”, “Qadriyatimiz dahosi”, ”Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni”, “Ma’navitimiz tarixidagi buyuk siymolar”, “Ulug‘ ajdodlardan meros shijoat”, “Tarix – kelajak taraqqiyotining asosi, “Amir Temur va Temuriylar davlatida xalq diplomatiyasining roli”, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bag‘ishlangan “Yuksak ma’naviyatli shaxs tarbiyasida Amir Temur o‘gitlarining ahamiyati”, “Sohibqiron Amir Temur – Temuriylar renessansi bunyodkori” kabi tadbirlar shular jumlasidandir.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.