🔰Temuriylar tarixi davlat muzeyida 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti (O‘zDSMI) talabalari uchun “Qadriyatlar falsafasi: Amir Temur davlat boshqaruvida adolat va huquq tamoyillari” mavzusida vebinar tashkil etildi. Tadbirda so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va erishilayotgan natijalarning mustahkamlanishida Konstitutsiyaning o‘rni haqida ma’ruzalar qilindi. Ma’ruzachilar tomonidan yangilangan Konstitutsiya mazmun-mohiyati va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar to‘g‘risida talabalarga kerakli ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida muzey ilmiy xodimi Komiljon Sultonov o‘z ma’ruzasida buyuk davlat arbobi va mohir sarkarda Sohibqiron Amir Temurning siyosiy-huquqiy qarashlari, “Temur tuzuklari” asarining milliy qadriyatlar tiklanishida tutgan o‘rni va ahamiyati to‘g‘risida batafsil to‘htalib, o‘z fikr- mulohazalarini bayon etdi. Shuningdek, ma’ruzada huquqiy – demokratik davlat barpo etish yo‘lidan borayotgan Yangi O‘zbekiston uchun, ayniqsa yoshlar ma’naviyati, huquqiy ong va huquqiy madaniyati yuksaltirishda “Temur tuzuklari”da jamiyat, shaxs, qonun masalalarida belgilangan o‘gitlarni o‘rganish ham har jihatdan muhim ekanligini ta’kidlab o‘tildi.