Buyuk ajdodimiz, yirik davlat arbobi, ilm-fan va madaniyat homiysi, mohir sarkarda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 687 yilligi munosabati bilan Amir Temur xiyobonida «SOHIBQIRON AMIR TEMURGA EHTIROM» nomli tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlat va jamoat arboblari, xorijiy diplomatik korpus vakillari, mahalla faollari, talaba-yoshlar ishtirok etishdi. O‘tkazilagan ushbu tantanali marosim Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining kirish so‘zi bilan ochib berildi. Temuriyshunos olim o‘z nutqida Sohibqiron Amir Temur buyuk davlat arbobi, mohir lashkarboshi, ilm-fan, madaniyat va ma’rifat homiysi sifatida jahon tarixiga kirgani, Turonzaminda tinchlik o‘rnatib, uning har jihatdan rivoji uchun lozim bo‘lgan barcha tadbir va dasturlarni amalga oshirgani hamda mamlakat ma’murligi, xalqning tinch, osoyishta hayot kechirishi va davlatning qudratli bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirganligiga alohida urg‘u berib o‘tdi.
Tantanada so‘zga chiqqan Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Husayn Guliev o‘z nutqida Sohibqironning Ozarbayjonda tutgan o‘rni, mamlakat tarixida qoldirgan izi, bunyodkorlik ishlari haqida aytib o‘tdi.
Shuningdek, tadbir davomida tarixchi olimlar, shoirlar va bir qancha taniqli insonlar so‘zga chiqib, Sohibqiron haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni aytib o‘tishdi. Jumladan, “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri, taniqli shoir Sirojiddin Rauf o‘zining Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan “Xaloskor” nomli she’rini o‘qib bergan bo‘lsa, O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov o‘z chiqishida Muhammad Ali qalamiga mansub “Amir Temur monologi” dan parcha o‘qib berdi.
Tadbir davomida “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari “Temur tuzuklari” asaridan namunalar o‘qishib, yig‘ilganlar ko‘nglini shod etishdi. Mudofaa vazirligi jangovar guruhi hamda Milliy gvardiya xarbiy xizmatchilarining chiqishlari yig‘ilganlarni cheksiz faxr-iftixorga to‘ldirdi.
Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gul qo‘yish marosimidan so‘ng jamoat arboblari, temurshunos olimlar, xorijiy diplomatik korpus vakillari, mahalla faollari, talaba-yoshlar Temuriylar tarixi Davlat muzeyida taklif etildi. Tantanali tadbir doirasida muzeyda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi “Turon” harbiy teatri hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansamblining konsert dasturlari, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi o‘quvchilarining “Olti asrdan beri yangrayotgan oshiq nolasi” nomli teatrlashgan-musiqiy sahna ko‘rinishi, “Temuriylar Renessansi: tarix, tadqiqotlar va muammolar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjuman va “Mumtoz cholg‘ularning sirli sadosi” nomli ko‘rgazma ochilishi bo‘lib o‘tdi.