Amir Temur o‘z poytaxti Samarqand jamolini tubdan o‘zgartirishga qaror qilgan. Binobarin, Samarqandda Ko‘ksaroy, Bibixonim masjidi va madrasasi, Shohi-zinda maqbarasi kabi qator qurilishlar vujudga keldikim, mazkur binolarning ayrimlari hozirgacha o‘z salobatini ko‘z-ko‘z qilib turibdi. Shuningdek, Samarqand atrofida Bog‘i Shamol, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Chinor, Bog‘i Bihisht va Bog‘i Nav kabi bir necha bog‘-rog‘larni qurdirdi.
Amir Temur Samarqandni jahondagi eng katta va o‘zal shaharga aylantirmoqchi edi. Shahar atrofiga mayda qishloqlar barpo etib, ularga dunyoning eng katta shaharlarining nomini bergan edi. Chunonchi: Bag‘dod, Damashq, Misr, Sheroz Sultoniya, Madrid, Porij shular jumlasidandir.
Sohibqiron mamlakat obodonchiligi yo‘lida xazinani ayamadi. Zarafshon, Amudaryo va Sirdaryoga ko‘priklar qurildi. Toshkent atrofiga kanallar o‘tkazilib, Ohangaron qishlog‘iga asos solindi. Buxoro, Shahrisabz, Farg‘ona, Turkiston (Yassa) va boshqa shaharlarda karvonsaroylar, hammomlar, maqbaralar, madrasalar, shuningdek, shaharlararo karvon yo‘llarida rabotlar, sardobalar qurilib, savdo-tijorat ishlarining ri-vojlanishiga sharoit yaratib berdi.
Amir Temur faqat Movarounnahrda emas, balki Movarounnahrdan ancha uzoqda bo‘lgan yerlarda ham obodonchilik va qurilish ishlarini olib borgan. Jumladan, Kobul vodiysi hamda Mug‘on cho‘lida qurilgan ulkan sug‘orish inshootlari sohibqironning buyuk qalb egasi ekanligidan dalolat beradi.
Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Amir Temur 1399-yilda nabirasi Abu Bakr Mirzoga (Mironshoh Mirzoning o‘gli) bir yil mobaynida Bag‘dod shahrini qayta tiklash haqida farmon beradi. Shuningdek, muhandislar tarafidan tayyorlangan aniq loyiha asosida Boilkon qo‘rg‘on — shaharni ham qaytadan tiklaydi. Pishiq gishtdan ko‘pgina turar joy binolari, bozor, maydon, hammomlar qurilib, bog‘lar, hiyobonlar barpo etiladi. Araks daryosidan kanal chiqarib, shahar suv bilan taʼminlanadi. Boilkon qo‘rg‘on-shahar bir oy ichida qayta qurilib bitkaziladi. Shahar mudofaa aylanma devori hamda boshqa inshootlar bir yil davomida nihoyasiga yetadi. Aylanma devorning uzunligi ikki yuz ming to‘rt yuz gazdan iborat edi.
T.Fayziyev. Temuriylar shajarasi kitobidan.