Sohibqiron Amir Temur serqirrali murakkab shaxsdir. Uning xislatlaridan biri shulki, u biror masalani hal etishdan oldin shu sohaning bilimdon olimlari bilan maslahatlashar, so‘ngra aniq va qatʼiy qaror qabul qilardi. Uning olimu fuzalolar bilan o‘tkazadigan anjumanlari har xil mezonda va turli shakllarda bo‘lgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, ko‘pincha Amir Temur tibbiyot, matematika, astronomiya, tarix, adabiyot va tilshunoslik ilmi namoyandalari, shuningdek ilohiyot va din sohasidagi mashhur kishilar bilan shaxsiy suhbatlar o‘tkazardi. Bu suhbatlarda hayotning muhim masalalari to‘g‘risida, Movarounnahr va Xorazmdan tashqari, Oltin O‘rda, Oq O‘rda, Xuroson, Hindiston, Eron, Iroq, Turkiya, shuningdek, butun mag‘ribni o‘z ichiga olgan saltanatga oid ishlar haqida gap borardi.
Amir Temur saroyida ko‘plab ilm-maʼrifat kishilari hukmdorning marhamatidan bahramand bo‘lib, xizmat qilardilar. Chunonchi, Mavlono Abdujabbor Xorazmiy, Mavlono Shamsuddin Munshi, Mavlono Abdullo Lison, Mavlono Badriddin Ahmad, Mavlono Noʻmoniddin Xorazmiy, Xo‘ja Afzal, Mavlono Alo-uddin Koshiy, Jalol Xokiylar shular jumlasidandir. Amir Temur ilm-fanning riyoziyot, handasa, meʼmorlik, adabiyot, tarix, musiqa kabi sohalarning ravnaqiga katta eʼtibor berardi. U ayniqsa sohib ustalar bilan jon-dildan suhbatlashardi. Bu haqda Lyangle shunday yozadi: «Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilgini ko‘rgan kishilarga ishonch bildirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek ilm-fan, idora va boshqa ishlarda isteʼdodli bo‘lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko‘pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. Chunki Temur bu sohalarga g‘amxo‘rlik qilishga asosiy eʼtiborini berardi.
Sharafuddin Ali Yazdiyning hikoya qilishicha, 1403-yili Amir Temur Boilkon shahrida olimlar kengashini chaqirib, o‘zi nutq so‘zlagan. U o‘z nutqida shunday degan: “Fan va dinning mashhur kishilari o‘z maslahatlari bilan podshohlarga yordam berib kelganlar. Sizlar esa menga nisbatan bunday qilmayapsizlar. Mening maqsadim mamlakatda adolat o‘rnatish, tartib va tinchlikni mustahkamlash, fuqaroning turmushini yaxshilash, yurtimizda qurilishni kengaytirish, saltanatimizni rivojlantirishdir. Bu ishlarni amalga oshirishda sizlar o‘z maslahatlaringiz bilan menga ko‘maklashmog‘ingiz lozim”.
Maʼlum bo‘ladiki, Amir Temur odamlar bilan yaqin muloqotda bo‘lib, ahli ilm, ahli hunar, ahli din va ahli mehnatga umid ko‘zi bilan qarab, ularga yuksak iltifotlar ko‘rsatgan. Alisher Navoiyning yozishicha, Amir Temur saltanati davridan boshlab mamlakatda turkiy adabiyot keng ko‘lamda rivojlana boshlagan. Amir Temurning o‘zi ham sheʼriyatga zo‘r ehtiros bilan qaraganligi haqida Alisher Navoiy quyidagilarni yozadi: «Temur Kuragon… agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xub mahal va mavqeda o‘qubdurlarkim, aningdek bir bayt o‘qug‘oni ming yaxshi bayt aytqonicha bor. Tabarruk haysiyatidankim, ul hazratning muborak ismi bu muxtasarda bo‘lg‘ay va ul latoyifdan biri bila ixtisor qilinur. Mundoq naql qilurlarkim, chun Mironshoh Mirzo Tabrizda chog‘irg‘a ko‘p ishtig‘ol ko‘rguzdi, dimog‘ va mizoji eʼtidol tariqidin inhirof topib, andin nomuloyim amr ko‘p surat tutaboshladi. Samarqandda Ul hazrat arzig‘a bu navʼ yetkurdilarkim, uch nadimi bor kim, mufrit (haddan tashqari — T. F.) chog‘ir ichmakka bois alardurlar. Hukm bo‘ldikim, tavochi (adyutant — T- F.) miod (muddat — T.F.) bila chopib borib uchalasining boshin keltursun. Alardin biri Xoja Abdulqodir erdi, biri Mavlono Muhammad Koxiy erdi va biri Ustod Qutb noyi, Tavochi borib ikkisini yasoqqa (jazo — T. F.) yetkurdi. Ammo Hoja Abdulqodir qochib qalandar bo‘lib, o‘zin devonaligga solib, mulkdin mulkka mutavori (berkinib— T. F.) bo‘lub yurur erdi to ulkim, ul hazrat yana Iroq yurushi qildi, ud mamolikda Hojaning ul holi baʼzig‘a maʼlum bo‘lib yuqori arz qildilar. Hukm bo‘ldiki, tutub kelto‘rsunlar. Ul hazrat taxtda erdikim, Hoja faqirni devonaliqg‘a qo‘ymay, sudrab taxt ilayiga kelturdilar. Andin burunkim, siyosat hukmi bo‘lg‘ay, chun Hojaning kamolotidin biri qurʼon hifzi va qiroat ilmi erdi, filhol biyik un (baland ovoz — T. F.) bila qurʼon o‘qumoq bunyod qildi. Ul hazratning g‘azabi lutfg‘a mubaddal bo‘lub, fazl va kamol ahli sari boqib, bu misrani o‘qudikim:
Abdol zi biym chang dar musʼhaf zad.
Mazmuni: Qalandar qo‘rquvdan kurʼonga chang soldi. Andin so‘ngra Hojag‘a iltifot va tarbiyalar qilib, o‘z oliy majlisida nadim va mulozim qildi».
T.Fayziyev. Temuriylar shajarasi kitobidan.