Amir Temur 1336-yil, 9-aprelda (736-yil 25 Shaʼbon) Kesh (Shahrisabz) viloyatining Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning otasi amir Muhammad Tarag‘ay barlos qabilasiga mansub beklardan bo‘lgan. Onasining ismi Takina xotun bo‘lib, nufuzli oiladan edi.
Amir Temur ulkan va qudratli saltanat barpo etib, ilm-fan rivoji, maʼnaviy madaniyatning yuksalishi, o‘tmish davrlar anʼanalarining yangi tarixiy vaziyatda qayta tiklanishi uchun sharoit yaratdi. XIV—XVI asrlardagi eng yuksak aqliy va ijodiy muvaffaqiyatlar timsoli sifatida fan, adabiyot, miniatyura, amaliy, musiqa va tomosha sanʼatlari ravnaq topdi.
Amir Temur va Temuriylar 1370-yildan 1507-yilgacha Movarounnahr, Xuroson, Iroq, Afg‘oniston va Shimoliy Hindistonda hukmronlik qildilar. Amir Temurning uchinchi o‘g‘li Mironshoh avlodiga mansub bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo va Boburiylar 332-yil davomida Afg‘oniston va Hindistonda saltanatni boshqardilar.
Mazkur sulolaga mansub shahzodalar orasidan Shohrux Mirzo, Ulug‘bek Mirzo, Boysung‘ur Mirzo, Iskandar Mirzo, Xalil Sulton Mirzo, Abusaid Mirzo, Sulton Husayn Boyqaro Mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobir Mirzo, Akbarshoh, Shoh Jahon kabi, Temuriy malikalardan Saroy Mulk xonim, Gavharshod Begim, Gulbadan begim, Nur Jahon Begim, Mumtoz Mahal Begim, Zebuniso Begim kabi yirik davlat arboblari, xassos shoir va shoiralar, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot namoyandalari yetishib chiqdilar.
Amir Temur va Temuriylar sulolasi davomiyligi jami 488-yilni tashkil qiladi.