Barcha yangiliklarga qaytish

Temuriylar tarixi davlat muzeyida «Muzeylar haftaligi» o‘tkazildi

🔰 Bugungi kunda respublikamizda koʼplab muzeylar faoliyat yuritmoqda. Muzeydagi eksponatlarni koʼrish ayniqsa bolalarda katta taassurot qoldiradi. Muzeylardagi madaniy-meros, undagi ashyolar va eksponatlar tariximiz haqida tushuncha hosil qiladi.

✨Har yilning 2-8 – sentabr kunlari tashkillashtirilgan “Muzeylar haftaligi” doirasida aholining Temuriylar tarixi davlat muzeyiga bepul kirishi ta’minlandi va tashrifchilar uchun turli tadbirlar tashkil etildi.

«Muzeylar haftaligi” doirasida Temuriylar tarixi davlat muzeyida 🧵»Qo‘lda gazlama to‘qish» bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi. «Hunarmand» uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu mahorat darsi tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirdi. Qadimiy to‘qimachilik an’analarini o‘zida mujassam etgan mazkur tadbirda qatnashchilar milliy hunarmandchiligimizning bebaho san’atidan bahramand bo‘lishdi. Tadbir davomida ishtirokchilar mohir ustalar yordamida qo‘lda mato to‘qish sirlarini o‘rganishdi. Bu jarayon ular uchun nafaqat bilim manbai, balki tariximizga chuqurroq nazar solish imkoniyatini ham berdi.

Temuriylar tarixi davlat muzeyi jamoasi «Muzeylar haftaligi» doirasida o‘tkazilgan «Qo‘lda gazlama to‘qish» mahorat darsini yuksak saviyada tashkil etishdagi samarali hamkorligi uchun «Hunarmand» uyushmasiga, tadbirga o‘zining beqiyos mahorati va samimiy mehnati bilan ruh bag‘ishlagan hunarmand Gulnoz Yusupxodjayeva hamda uning fidoyi shogirdlari Xalimaxon Umurzakova  va Dilfuza Zakirovalarga o’z minnatdorchiligini bildiradi.

✨ Muzey ma’muriyati tashrif buyurgan har bir mehmonni mamlakatimiz madaniy merosiga bo‘lgan qiziqishi uchun qadrlaydi va kelgusida ham bunday tadbirlar orqali milliy qadriyatlarimizni targ‘ib qilishda davom etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.