O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2022 yil 27 maydagi PQ-261 sonli qaroriga ko‘ra “2022–2023 yillarda davlat muzeylarida tashkil etiladigan qo‘shimcha xizmatlarning manzilli rejasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 19 iyul kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Xattot Habibullo Solihning xattotlik mahorat darsi” tashkil etildi.
Hattotlik Markaziy Osiyoda Temuriylar davrida yuksak darajaga yetgan. Amir Temur davrida Mavlono Shamsuddin Munshiy, sangtarosh va hattot Oltun juda mashhur bo’lgan. Temuriy shahzodalar Ibrohim bin Shohruh, Boysung’ur Mirzo, Badiuzzamon Mirzo va boshqa Temuriy shahzodalar ham hattotlikka homiylik qilish bilan birga o’zlari bu san’at turi bilan shug’ullanganlar. Temuriy shahzoda Boysung’ur Mirzo (1397-1433) Hirotda tashkil qilgan kutubxonada musavvir, naqqosh, va boshqa ustalar bilan bir qatorda 40 dan ortiq hattotlar qo’lyozma kitoblar tayyorlash, yaroqsiz holga kelganlarini ta’mirlash bilan mashg’ul bo’lgan. Bundan tashqari Amir Temur va Temuriylar davrida bunyod etilgan osmono’par binolarning mahsus qismlariga hattot ustalar tomonidan ishlangan hattotlik san’ati namunalari bizgacha yetib kelgan. Bugungi kunda hattotlik san’atini ustoz shogird an’analari orqali yetkazib kelayotgan mahoratli va el tanigan ustalar ko’p. Bulardan biri uzoq yillardan beri hattotlik yo’nalishida ijod qilib kelayotgan mahoratli va tajribali hattot Habibullo Solihdir.
Habibullo Solih 1949-yilda tug’ilgan. 1968-1973 yillarda Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1973-1975 yillarda “Toshkent oliy diniy maktabi” hozirgi “Imom Buxoriy Islom Institutida” tahsil olgan. 1975-1982 yillar mobaynida” O’zbekiston ta’mirlash va loyihalash ilmiy tekshirish” institutida faoliyat yuritib Markaziy Osiyoning eng yirik tarixiy obidalarini tiklash va ta’mirlashga hissa qo’shgan. Habibullo Solih Musxafi Usmon Qur’onining asl nusxasidan pergamentga 3 martta nusxa tayyorlagan. Bir nusxasi Malayziyaning Kuala Lumpur shahrida, pergamentga ko’chirib tayyorlangan yana bir nusxasi Toshkent Islom universitetida saqlanadi. Habibullo Solih 1998 yilda Istanbulda o’tkazilgan Halqaro hattotlar bellashuvida “Devoniy” xat uslubi bo’yicha kuchli o’nlikdan o‘rin olgan. 1999-yilda hattotlikda “Naqshin bezak yozuvining alifbosi”ni kashf qilgani uchun Lohurdagi Halqaro hattotlar bellashuvida “Parvin raqam” (“Sharq yulduzi”) unvoniga sazovor bo’lgan.
Temuriylar tarixi davlat muzeyida o‘tkazilgan “Xattot Habibullo Solihning mahorat darsi”da xattotlik san’atini o‘rganayotgan o‘quvchilar, talaba yoshlar va qiziquvchilar ishtirok etishdi. Habibullo Solih xattotlik san’atining yaratilish tarixi va yo‘nalishlarini ko‘rsatib, tashrif buyurgan mehmonlarning ismlarini chiroyli xat turlari bilan mohirona yozib berdilar. Tadbir so‘ngida muzey ma’muriyati tomonidan xattotlik san’ati bo‘yicha mahorat darsini tashkil etishdagi samarali hamkorligi uchun Habibullo Solihga va mahorat darsi ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.






