Temurshunos olimlarimizning o‘chmas xotirasiga bag‘ishlanadi!
MO‘MINOV IBROHIM MO‘MINOVICH
(1908–1974)
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1956), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1959), falsafa fanlari doktori (1950), professor (1950), Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1967), temurshunos olim va jamoat arbobi.
Buxoro bilim yurti (1925-1927), Samarqand Pedakademiyasining ijtimoiy-iktisodiy fakultetini tugatgan (1931).
1955-1956 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti direktori. 1956 yildan akademiyaning vitse-prezidenti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq instituti direktori (1958-59), O‘zbekiston “Bilim” jamiyati boshqaruvi raisi (1958), O‘zbek milliy ensiklopediyasining birinchi bosh muharriri (1968).
Ibrohim Mo‘minov O‘zbekistonda falsafa ilmiy maktabiga asos solgan. Uning ilmiy faoliyatiga sho‘rolar mustabid tuzumi o‘z taʼsirini ko‘rsatgan bo‘lsada, biroq, uning tadqiqotlari markazida Markaziy Osiyo xalqlarining ijtimoiy-falsafiy hamda ilmiy-tabiiy fikrlari muammolari turganligi natijasida, alloma falsafaning o‘ta siyosiylashuvini, uni hukmron mafkura xizmatiga tamomila bo‘ysundirish xurujlarini chetlab o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U Navoiydan tortib, Ahmad Donishgacha bo‘lgan yirik mutafakkirlar ijodini tahlil qildi. Ayniqsa, Bedil ijodini chukur o‘rganib, uning merosini tushunishni ancha yengillashtirdi. Ibrohim Mo‘minovning “Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli (Yozma manbalar maʼlumoti asosida)” (1968), “Temuriylar davri O‘rta Osiyo sanʼatining paydo bo‘lishi va taraqqiy etish tarixiy ildizlari haqida” (1969) nomli asarlari Amir Temur shaxsini, qolaversa, Temuriylar davrini ilmiy o‘rganish tashabbusi bilan chiqishi olimning ilmiy jasorat va yuksak vatanparvarlik fazilatining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Muallif mazkur risolalarni yaratishda Sharafiddin Ali Yazdiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Hermann Vamberi asarlari, ispan elchisi Klavixoning kun¬da¬liklari va “Temur tuzuklari” kabi tarixiy manbalardan foydalanganligini taʼkidlagan. Shu o‘rinda aytish kerak, I.Mo‘minov “Bir kun kelib Amir Temur nomi ulug‘ ki¬shilar qatoridan joy olishiga ishonaman. Siz ko‘¬rasiz, shunday vaqtlar ham keladiki, Amir Temurni ko‘klarga ko‘tarib, buyuk shaxs sifatida qadrlaydilar” deb taʼkidlagan. Darhaqiqat, bugungi kunda ushbu orzular ro‘yob¬ga chiqdi. Amir Temurning ulug‘vor va buyuk qadr-qimmati o‘rniga qo‘yildi. Ibrohim Mo‘minov O‘zbekistonda ilm-fanning yirik tashkilotchisi sifatida, ayniqsa, ijtimoiy fanlarni rivojlantirishga – yangi tadqiqot muassasalarini tashkil etish, ilmiy kadrlar tayyorlashga katta hissa qo‘shdi, uning rahbarligida turli fan sohalari bo‘yicha yirik asarlar nashr etildi.
Toshkentdagi ko‘chalardan biriga, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq institutiga, Buxoro va Shofirkon shaharlaridagi ko‘chalar, maktablarga Ibrohim Mo‘minov nomi berilgan. Ibrohim Mo‘minov vafotidan so‘ng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan (2003).