O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Milliy arxeologiya markazi Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi Yakkabog‘ tuman muassasasi xodimlari bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumani, «Uchtepa dagi «tuproqqa ko‘milib borayotgan» maqbarada qazish ishlari olib borildi.
Yodgorlikning kattalikdagi 11×7 metr bo‘lgan maydonda qazish ishlari olib borildi. Ushbu sath qazishma maydonining ustidagi tuproqlari orasidan pishiq g‘ishlarning siniqlari, oq rangdagi qir (alebastr, gips) qorishmasining bo‘laklari va kukunlari, oq, ko‘k, to‘q ko‘k rangda sirlangan hamda o‘simliklarning tasviri tushirilgan me’moriy qoplamalarning namunalari topildi. Maydonning 0,3-0,6 metr chuqurligidan o‘lchami 26x26x4,5-5 santimetr bo‘lgan pishiq g‘ishtlar to‘shab chiqilgan sath ochildi.
Qazishma ishlarida qazishma olib borilayotgan maydonning ostki qismiga 25x25x5 santimert o‘lchamdagi pishiq g‘ishtlarning orasiga 1 – 2 santimetrlik qalinlikdagi qir qorishmasi qo‘yib terilgan, eni va uzunligi 4,75 metr, tarxi 12 burchakli, shifti gumbaz, gumbazning eng badland joyigacha 2 metr bo‘lgan yer osti maqbarasi tupoq, maqbara qurilishida ishlatilgan g‘ishlar va chiqindilardan tozalandi.
Bu maqbaraning kirish eshigi janubda joylashgan bo‘lib, uning ana shu kirish tomonidan tashqari uch tomoni “mehrob” ko‘rinishida 75 santimetrga kengaygan. Xonaning sharq tomonidagi mehrobning yuqori qismi qulab tushgan va teshik hosil bo‘lgan. Xona shiftining o‘rta qismida ham tuynukcha bor. Maqbaraning o‘rta qismida shimoldan janub nomongacha uzunligi 2,5 metr, sharqdan g‘arbga tomon kengligi 0,7 metr bo‘lgan qabr o‘rni joylashgan. U yorma qabr bo‘lib, pol sathini tozalash jarayonida uning ustiga qo‘yilgan yog‘och chirindilariga duch kelindi.
Xullas, Yakkabog‘dagi maqbarada olib borilgan arxeologik tadqiqotlarda qo‘lga kiritilgan ashyolar, xususan, qurilishda ishlatilgan pishiq g‘ishtlarning o‘lchamlari va tuzilishi uning Amir Temurning hukmronligi davriga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatadi. Ushbu yer osti maqbarasi Shahrisabzda joylashgan “Dor us-saodat” majmuasi tarkibidagi Sohibqiron Amir Temurning o‘zi uchun qurdirgan va unga dafn etilmagan maqbaraning tarxi tuzilishiga aynan o‘xshash. Shuningdek, tekshirilgan maqbara ichki tomondan tarx tuzilishiga ko‘ra, Samarqandda joylashgan Shohizinda majmuasidagi Xo‘ja Ahmad, usta Olim Nasafiy, Shodi Malik ota, Shirinbek oqa maqbaralarining tuzilishga ham o‘xshash.
O‘rganilgan maqbaradan topilgan sirlangan va bezak berilgan me’moriy qoplamalar ham Amir Temur davrida Keshdagi Oqsaroy, Samarqanddagi Ko‘ksaroy, Bibixonim, Shohizinda singari me’moriy yodgorliklarnikidan farq qilmaydi. Shunga ko‘ra Yakkabog‘dagi maqbaraning qurilish davrini XIV asrning 4-choraklari – XV asrlar boshlari bilan belgilash mumkin. Maqbara esa nufuzli “barlos beklaridan birining” maqbarasi bo‘lgan. Chunki yodgorlik joylashgan hududlar o‘sha davrda barlos beklarining qaramog‘ida bo‘lgan. Barlos urug‘idan bo‘lgan Amir Temur ham tekshirilgan maqbaradan uncha uzoq bo‘lmagan Xo‘jailg‘or qishlog‘ida tug‘ilganligi e’tirof etiladi. Bu yuqoridagi fikrga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Dilmurod Normurodov,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Temuriylar tarixi davlat muzeyi va
Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi


