Barcha yangiliklarga qaytish

SOHIBQIRON AMIR TEMURGA EHTIROM

Mustaqillik yillarida boy ma’naviy merosimiz, milliy qadriyatlarimiz, shu jumladan, Sohibqiron Amir Temurning jahon madaniyati tarixidagi o‘rni tiklandi va Temuriylar tarixini chuqur o‘rganish, uni targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi.

2021 yil 9 aprel kuni Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bag‘ishlab, Toshkent shahar hokimiyati, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi hamkorligida Toshkent shahridagi Amir Temur xiyobonida «Sohibqiron Amir Temurga ehtirom»  nomli tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida O‘zR QK Akademiyasining harbiy orkestri jamoasi kuy-qo‘shiqlar  ijro etdi. Tadbirga taklif etilgan davlat va jamoat arboblari, xorijiy diplomatik korpus vakillari, mahalla faollari, talaba-yoshlar ishtirokida Buyuk Amir Temur haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Shundan so‘ng yig‘ilganlar  mustaqillik yillarida barpo etilgan ma’naviyat koshonasi Temuriylar tarixi davlat muzeyiga taklif etildi. Karnay-surnay navolari ostida kutib olingan mehmonlar uchun turkum tadbirlar uyushtirildi. Jumladan: O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi hamda  Sohibqiron tavalludning 685 yilligiga bag‘ishlab “Mustaqillik yillarida Amir Temur va Temuriylar davri tarixiga oid nashr etilgan kitoblar” va “Temuriylar tarixi davlat muzeyi numizmatika kolleksiyasi” nomli ko‘rgazmalar tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

Muzeyning Kichik majlislar zalida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi hamkorligida “Sohibqiron Amir Temur – temuriylar renessansi bunyodkori” mavzuida Xalqaro onlayn-ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Doimiy an’anaga muvofiq kun davomida muzeyda “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi
© 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.